08:30 / 20.12.2020
3349
Binyamin Netanyaxu Isroilda birinchi bo‘lib koronavirusga qarshi emlandi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sog‘liqni saqlash vaziri Yuliy Edelshteyn 19 dekabrda Isroilda birinchi bo‘lib koronavirusga qarshi emlanishdi. 

Foto: AFP

The Jerusalem Post nashrining yozishicha, Netanyaxu buni “Isroil uchun katta kun” deb atagan. U aynan vaksina koronavirusni yengishga imkon berishini aytgan va hamyurtlarini ham undan o‘rnak olishga chaqirgan. 

Bosh vazirga Ramat-Gan shahrida joylashgan “Tel xa-Shomer” gospitalida Pfizer kompaniyasining vaksinasi kiritilgan. Emlash jarayoni bosh vazir aholini emlanishga undash maqsadida kameralar oldida jonli efirda olib borilgan.  

“Men barchangizni emlanishdan o‘tishga undash uchun dastlab vaksinani menga va sog‘liqni saqlash vaziriga kiritishni so‘radim”, deb aytgan Netanyaxu. U dekabr oxirigacha Isroilga millionlab doza vaksina yetkazilishini qo‘shimcha qilgan. 

So‘rovnomalarning ko‘rsatishicha, isroilliklarning aksariyati koronavirusga qarshi vaksinalarga ishonqiramay qarashmoqda. Shu sababli mamlakat rahbarlari fuqarolarni emlanishga undashga harakat qilishmoqda.

Avvalroq Isroil sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda 20 dekabrda emlashning birinchi bosqichi boshlanishini, uning davomida vaksinalar 10ta shifoxona va tibbiy markazga xodimlarni emlash uchun yetkazilishini ma'lum qilgandi.  

20 dekabrda vaksinaning birinchi dozasini Isroil prezidenti Reuven Rivlin olishi kutilmoqda.

13 noyabrda Netanyaxu Isroil Pfizer kompaniyasi bilan 8 mln doza vaksina yetkazilishiga kelishib olganini ma'lum qilgandi. Shuningdek, iyunda Isroil Moderna kompaniyasi bilan vaksina sotib olishga shartnoma tuzgan. Bundan tashqari, Al-Qudsdagi “Xadassa” tibbiy markazi noyabr boshida Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasidan 1,5 mln doza buyurtirgani ma'lum qilingan. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top