21:30 / 20.12.2020
27740
Mamlakatlar Britaniya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatmoqda. Qirollikda koronavirusning yangi turi tarqalgan

Yevropaning qator mamlakatlari Britaniya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatmoqda. Hozirgacha Niderlandiya, Italiya va Belgiya Britaniya bilan qatnovlarni vaqtincha to‘xtatgan.

Foto: AFP

Ma'lum bo‘lishicha, Yevropa mamlakatlari ortidan Kuvayt va Britaniya bilan quruqlikda chegarasi bo‘lgan Irlandiya ham qirollik bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgan. Niderlandiya, Italiya va Belgiya Britaniya bilan aviaqatnovlarni hozircha 1 yanvargacha to‘xtatgan. Niderlandiya hukumati Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlarini ham «Britaniyani ihotalash» rejasiga qo‘shilishga chorlamoqda.

Mamlakatlar Britaniya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatishiga sabab qirollikda koronavirusning mutatsiyaga uchragan yangi turi tobora keng tarqalmoqda. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari esa xuddi o‘tgan yili bo‘lgani kabi bu yil boshida ham virus yana tarqalib ketishidan xavotirda. Shu sabab qit'aning qolgan mamlakatlari ham Birlashgan qirollik bilan qatnovlarni vaqtincha to‘xtatish haqida o‘ylamoqda.

Britaniyada to‘rtinchi (ya'ni eng yuqori) epidemiologik xatar darajasi e'lon qilingan. Mamlakatda keskin karantin choralari joriy etilmoqda. Faqat rojdestvo kuni (25 dekabr) mamlakatda cheklovlar biroz yumshaydi. Britaniyada faqat birlamchi ehtiyoj mahsulotlaridan tashqari narsalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar yopilgan, Londonda odamlar keskin karantin choralariga qarshi namoyishga ham chiqishdi.

Mamlakatda keskin cheklovlar e'lon qilingani sabab vokzallarda tirbandlik kuzatilmoqda. Ko‘pchilik rojdestvogacha ota-onasi yoki yaqinlarining uyiga borishga ulgurib qolish uchun poyezdlarga intilmoqda.

20 dekabr holatiga ko‘ra Britaniyada 2 million kishi koronavirus yuqtirgan. Kasallik qirollik bo‘ylab 67 mingdan ko‘proq odamning umriga zomin bo‘lgan. Dunyo bo‘ylab esa 76,4 million kishi virus yuqtirib, 1,7 millionga yaqin odam koronavirus sabab vafot etdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top