15:00 / 20.12.2020
2592
«O‘zRTXB»: dekabr oyidagi birja savdolari natijalari

2020 yilning 1-18 dekabrida O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining ochiq birja savdolari orqali 2,8 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 33% ga ko‘pdir. Sotuvchi va xaridorlar shaffof birja savdolarida erkin ishtirok etishdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda birja savdolari orqali 100,3 ming tonna texnik paxta chigiti va 7,1 ming tonna paxta yog‘i sotildi. O‘tkazilgan savdolar natijasida paxta yog‘ining o‘rtacha narxi joriy yilning noyabr oyiga nisbatan 3,7% ga pasayib, mahsulotning bir tonnasi uchun 12 578,6 ming so‘mni tashkil qildi (1 litri – 11 572,3 so‘m).

Dekabr oyida birja savdolariga 315,3 ming tonna sement mahsulotlari qo‘yilgan bo‘lib, bu joriy yilning noyabr oyiga nisbatan qariyb ikki marotabaga kamdir. Shu bilan birga, sementning o‘rtacha boshlang‘ich narxi sotuvchi korxonalar tomonidan o‘rtacha 455,1 ming so‘mdan 472,8 ming so‘mga, ya'ni 4% ga ko‘tarildi. Natijada sementning dekabr oyidagi o‘rtacha narxi joriy yilning noyabriga nisbatan 6% ga o‘sib, mahsulotning bir tonnasi uchun 559,5 ming so‘mni tashkil qildi.

Xuddi shunday AI-80 rusumli avtomobil benzini sotuvchilarining boshlang‘ich bahosi ham noyabr oyiga nisbatan 8,5% ga ko‘tarilib, o‘rtacha 5 691 ming so‘mni tashkil qildi. O‘z navbatida benzinning birjadagi narxi mos tarzda 8% ga o‘sdi va mahsulotning bir tonnasi uchun 5 731,7 ming so‘mni tashkil etdi (benzinning bir tonnasi o‘rtacha – 1293-1370 litr).

Shuningdek, dekabr oyida O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida oltinning sotuvi bo‘yicha maksimal ko‘rsatkich qayd etildi. Xususan, birja savdolari orqali 75 kg oltin sotilib, qimmatbaho metallning bir grammi o‘rtacha 615,9 ming so‘mni tashkil qildi.

«O‘zRTXB» AJ PR bo‘limi

Top