11:20 / 20.12.2020
2798
Samarqandda aholiga har oy keragidan 34 million kub kamroq gaz yetkazib berilmoqda

Bugun respublikada bo‘lgani kabi Samarqand viloyatida ham tabiiy gaz va suyultirilgan gaz tanqisligi sezilmoqda. Viloyat aholisi uchun bir oylik tabiiy gaz talabga nisbatan 34 million 307 ming kub kamroq yetkazilmoqda. Bu haqda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov samarqandliklarga murojaati vaqtida aytgan.

«Bugungi kunda viloyatdagi 744 ta mahallada 442 ming aholi suyultirilgan gaz bilan ta'minlangan. Joriy yil davomida 25 milliard so‘mlik gaz tarmoqlari rekonstruksiya qilindi. Oqdaryo GRSdan O‘zbektrakt, Shohi Zinda, A.Shomurodov ko‘chalari orqali Penjikent ko‘chasigacha diametri 325 millimetrli 11,5 km yuqori bosimli gaz quvurlarida qurilish-montaj ishlari olib borildi.

Ro‘dakiy va Bo‘stansaroy ko‘chalarida diametri 530 millimetrli (0,8 km) yer osti gaz quvurlari yangilandi. Debitor qarzdorlik 785 milliard so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 163,3 milliard so‘mga (26 foizga) oshgan. Eng katta qarzdorlik Samarqand shahri (313,9 milliard so‘m), Past Darg‘om (118,7 milliard so‘m) va Samarqand tumanlari (72,4 milliard so‘m) hissasiga to‘g‘ri keladi», dedi viloyat hokimi.

Turdimov samarqandliklarga murojaatida viloyatning qaysi tumanlari qoloq holatda ekanini sanagan va qaysi hududlarda ta'lim darajasi pastligicha qolayotganini ham ta'kidlagandi.

Top