16:56 / 20.12.2020
6384
Sud tizimida kutilayotgan o‘zgarishlar yuzasidan Oliy sud axborot berdi

Senatning o‘ninchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida beshta qonun muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi mazkur qonun hujjatlari qabul qilinishining zarurati hamda ahamiyati yuzasidan axborot berdi.

 Sud qarorlari qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tizimini takomillashtirish ishi davom etmoqda. 2017 yilga qadar oltita sud instansiyasida sud qarorlari qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, mana uch yildirki, bu instansiyalar soni to‘rttaga keltirildi.

Mazkur islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2020 yil 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisida sud qarorlarini qayta ko‘rishning protsessual tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi hamda Jinoyat, Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonunlar sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta ko‘rib chiqish tartibini ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish, fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarini isloh qilishni, nazorat tartibida ish yuritish institutini bekor qilishni nazarda tutadi.

Ushbu qonunlar bilan ishlarning ko‘rib chiqilishida bir-birini takrorlovchi instansiyalar bekor qilinib, “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi:

birinchi instansiya (tuman (shahar) sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar bo‘yicha – viloyat sudlari);

apellyatsiya instansiya (viloyat darajasidagi sudlar);

kassatsiya instansiyasi (Oliy sud) sudlari yaratiladi.

Sudning chinakam mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini to‘liq ta'minlashga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etish maqsadida prokuror ishtiroki bilan bog‘liq normalar xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilib, amalda mavjud bo‘lgan taraflarning shikoyati va prokurorning protestini ko‘rib chiqishning farqli normalari bekor qilinmoqda. Barcha instansiya sudlariga murojaat qilishda prokurorning boshqa taraflar bilan teng, bir xil huquq va majburiyatlarga ega hamda uning protesti taraflarning shikoyati bilan bir xil huquqiy maqomga ega ekanligi to‘g‘risidagi normalar kiritilmoqda.

Amaldagi qonunga ko‘ra, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari bir xil vazifani bajarib, birinchi instansiya sudlarining qarorlarini qayta ko‘rib chiqadilar. Ular o‘rtasidagi farq faqat biri qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni, ikkinchisi esa qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rishdadir. Bunday amaliyot birorta rivojlangan davlatda mavjud emas.

Senat tomonidan ma'qullangan qonunlarga ko‘ra, apellyatsiya instansiyasi sudi qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni, apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan ishlarni esa kassatsiyada ko‘rib chiqish tartibi belgilanmoqda.

Amaldagi barcha protsessual kodekslarning talabiga ko‘ra, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlargina nazorat tartibida ko‘rilishi mumkin.

Ya'ni ish nazorat tartibida ko‘rilishidan oldin, albatta, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan bo‘lishi shart, shuningdek, amalda ham apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilishning muddatlari belgilangan. Taklif etilayotgan qonunlarda bu muddatlar yanada ko‘paytirilmoqda.

Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksida birinchi instansiya sudining hukmi va ajrimi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish muddati 10 kundan 20 kunga, fuqarolik, ma'muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha apellyatsiya shikoyatlarini berish muddatlari 20 kundan 1 oyga qadar uzaytirilmoqda.

Bundan tashqari, apellyatsiya tartibida shikoyat berishning o‘tkazib yuborilgan muddatlarini tiklash asoslari kengaytirilmoqda. Xuddi shuningdek, kassatsiya tartibida shikoyat berish muddatlari amaldagi 6 oydan farqli ravishda 1 yil etib belgilanmoqda.

E'tiborlisi, tiklanishi mumkin bo‘lgan muddatga chegara mavjud emas, taraflar har qancha muddat o‘tganidan keyin ham o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash to‘g‘risida sudga murojaat qilish huquqi saqlanib qolmoqda.

Barcha protsessual kodekslarda sud qarorlarini yangi ochilgan holatlarga ko‘ra ko‘rib chiqish tartibi nazarda tutilgan. Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, faqat prokuror emas, balki boshqa manfaatdor fuqarolar ham Oliy sudga apellyatsiya tartibida shikoyat qilinmagan sud hukmlarini yangidan ochilgan holatlarga ko‘ra qayta ko‘rib chiqish huquqiga ega ekanligi mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bu shaxsning qonunga xilof ravishda javobgarlikka tortilgan va sudlangan holatlar mavjud deb hisoblangan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilib, ishning qayta ko‘rib chiqilishini kafolatlaydi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, sud qarorlari ustidan berilgan shikoyatning Oliy sudda ko‘rilishiga erishish uchun yillab vaqt kerak bo‘lar edi. Yangi o‘rnatilayotgan tartib esa birinchi instansiya sudida ko‘rilgan ishning bir-ikki oy ichida apellyatsiya tartibida ko‘rilishini, ko‘pi bilan uch-to‘rt oy ichida ish Oliy sudda ko‘rilishiga erishish imkonini beradi. Bu o‘z navbatida qabul qilingan sud qarorlarining qisqa muddatlarda ijro etilib, jabrlanuvchi, da'vogar va ishdagi boshqa taraflarning buzilgan huquqlarini qisqa muddatlarda tiklash imkonini beradi.

Shuni ham qayd qilish kerakki, amalda mavjud bo‘lgan shikoyatni sudlov hay'atida ko‘rib chiqish masalasini yakka sudya tomonidan hal qilish amaliyotiga chek qo‘yilib, shikoyat to‘g‘ridan to‘g‘ri kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda.

Mazkur o‘zgartirishlar fuqarolarning ovoragarchiliklari oldini oladi, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga, sudning chinakam mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini to‘liq ta'minlashga, fuqarolar huquqlarining ishonchli sud himoyasida bo‘lishini ta'minlashga, qonun ustuvorligi va odil sudlov samaradorligi bo‘yicha xalqaro reytinglarda mamlakatimiz nufuzi oshishiga xizmat qiladi.

Sud qarorlarini qayta ko‘rish masalasidagi xalqaro standartlar talablarini (Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning

14-moddasi 5-bandi) protsessual qonunchiligiga implementatsiya qilinishiga, sud mustaqilligi, qonun ustuvorligi va odil sudlov samaradorligi bo‘yicha xalqaro reytinglarda (Huquq ustuvorligi indeksi, “Doing business”, Iqtisodiy erkinlik indeksining Sud faoliyati samaradorligi, Global raqobatbardoshlik indeksining Sudlar mustaqilligi indikatorlarida) mamlakatimiz nufuzi oshishiga xizmat qiladi, deyiladi Oliy sud axborotida.

 Eslatib o‘tamiz, joriy yil 19 dekabr kuni Senatning o‘ninchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi va unda 14 ta qonun ko‘rib chiqildi. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida qonunlar senatorlar tomonidan ma'qullangan.

«Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida», «Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi to‘g‘risida», «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tomorqa yer uchastkalaridan oqilona foydalanilishini ta'minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida» va «Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida»gi qonunlar korrupsiyaga qarshi normalar xalqaro standartlarga muvofiq kelmasligi nuqtayi nazaridan rad etilgan.

Top