11:13 / 21.12.2020
8713
AQShda har bir fuqaroga 600 dollardan tarqatilishi mo‘ljallangan dastur tasdiqlandi

AQShda yangi tasdiqlangan yordam to‘plami doirasida fuqarolarga 600 dollardan tarqatilishi, ishsizlar uchun haftasiga 300 dollardan berilishi belgilandi. Yana 300 mlrd dollar biznesni qo‘llab-quvvatlash, vaksinani joylarga yetkazib berish xarajatlari, maktablar, tibbiyot markazlari uchun ajratiladi.

Foto: Reuters

AQSh kongressi yetakchilari bir necha oylik muhokamalardan so‘ng, biznesni qo‘llab-quvvatlash va ishsizlik dasturi doirasida 900 mlrd dollarlik yordam to‘plamini ma'qulladi. Yangi yordam dasturi koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiyotni va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiriladi, deb yozmoqda BBC.

Bu pandemiya boshlangandan buyon AQSh fuqarolariga yo‘naltirayotgan ikkinchi yordam dasturi. Mart oyida ijtimoiy ko‘mak uchun 2,3 trln dollar ajratilgan edi.

Ayni paytda Qo‘shma Shtatlarda 12 mln odam ishini yo‘qotishi mumkin. Yangi tasdiqlangan dastur doirasida fuqarolarga 600 dollardan tarqatiladi, ishsizlar uchun haftasiga 300 dollardan beriladi. Yana 300 mlrd dollar biznesni qo‘llab-quvvatlash, vaksinani joylarga yetkazib berish xarajatlari, maktablar, tibbiyot markazlari uchun ajratiladi.

Garchi AQShda koronavirusga qarshi ommaviy vaksinatsiya boshlanib, umid uchqunlari paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, koronainqiroz yangi saylangan prezident Jo Bayden hukumatining eng katta qiyinchiligi bo‘lishi kutilmoqda. Koronavirus qayd etilganiga 11 oy to‘lgan bo‘lsa, bu orada millionlab amerikaliklar ishsiz qoldi.

O‘tgan 5 oyda AQShda kambag‘allik ko‘rsatkichi oshib ketdi: kambag‘allik darajasi iyun oyi bilan solishtirganda 2,4 foizga o‘sdi. Qariyb 8 million amerikalik kambag‘allikda kun ko‘rmoqda. 2020 yilda AQSh yuzma-yuz kelgan bu holat bundan 60 yil oldingi kambag‘allik darajasidan so‘ng eng yuqorisi bo‘lib qolmoqda.

Top