10:20 / 21.12.2020
6248
Bozorlardagi narxlar: bodring biroz arzonlashdi, ayrim joylarda piyoz va sut narxi oshmoqda

Kun.uz’ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardagi muxbirlari o‘z hududlaridagi markaziy dehqon bozorlaridagi 20 dekabr kungi narx-navolar haqida ma'lumot to‘plashdi.

Jami 18 turdagi oziq-ovqat va meva-sabzavot mahsulotlarining o‘rtacha narxlari to‘plab, tartiblanib, o‘tgan haftadagi narxlarni solishtirish asnosida bozorlardagi aksariyat mahsulotlar narxida keskin o‘zgarish ko‘zga tashlanmayapti.

Avvalgi haftada o‘simlik yog‘i narxi ayrim joylarda biroz ko‘tarilgani qayd etilgan edi, bu haftada narxlarda o‘zgarish kuzatilgani yo‘q. Oldingi haftada kilogrammi ko‘p viloyatlarda 25 ming so‘mgacha yetgan bodring narxida pasayish kuzatildi. Aksariyat bozorlarda uning eng oldi 20–23 ming so‘mdan sotilmoqda. Eng arzon bodring Qo‘qonda — kilogrammi 8 ming so‘m.

Mandarinning kattasi kilogrammi 12-15 ming so‘mdan sotilayotgan bo‘lsa, aksariyat joylarda kichik va danaksiz mandarin 50 ming so‘mgacha savdoga chiqarilgan.

Go‘sht narxi hamon barqaror: joylarda mol go‘shti 55-65 ming so‘m oralig‘ida sotilayotgani, qo‘y go‘shti o‘rtacha 65-70 ming so‘m ekanligi qayd etildi.

Top