15:19 / 21.12.2020
11011
Jizzaxda nogahon toshgan suv: Qulniyoz kanalining o‘z vaqtida tozalanishiga nimalar to‘siq bo‘lmoqda?

Shu yilning 2 dekabr kuni Jizzax shahar Ravalliq mahallasi hududidan o‘tuvchi Qulniyoz kanali toshib chiqib xonadonlarga suv bostirib kirdi. Mahalliy aholi o‘zlari duch kelayotgan muammolardan yozg‘irib, tahririyatimizga murojaat qilishdi. Biz ushbu murojaatni o‘rganish uchun mahallada bo‘ldik.

Ma'lum bo‘lishicha, voqea joyiga favqulodda vaziyatlar hamda obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari yetib kelishgan, toshqin oqibatlari bartaraf etilgan. Jumladan, tozalash jarayonida yo‘lning bir qismi to‘silib, kanal ustidagi ko‘prikning plitalari olingan.

Qulniyoz kanali chiqindilarga to‘lib qolgani, anchadan buyon tozalanmagani sababli toshib, kanal yoqasida yashovchi xonadonlarga zarar yetkazgan.

Toshqindan jabr ko‘rgan mahalla ahli ko‘rgan-kechirganlarini hikoya qilib berishlaricha, kanal tozalanmaganiga ikki yilcha bo‘lgan. Uning ichi loyqa va chiqindilarga to‘lib qolgan, sathi ko‘tarilgan. Suv toshib hovliga, tomorqalarga, yordamchi xo‘jaliklarga, uylarning yerto‘lasiga kirib ketgan. Loy va guvaladan tiklangan inshootlar suvda ivib nuragan, devorlari yorilgan.

Bugungi kunda ushbu kanaldan fermerlar dalalariga suv ochishda foydalanishar ekan. Mahalla ahli fermerlar suv talashib, o‘z dalasiga suv ochish uchun kanalga beton bloklar tashlashganini ham ta'kidlashdi.

Ravalliq mahallasidagilar muammoni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi idoralarga ham murojaat qilishganini ta'kidlab o‘tishdi.

Biz ushbu muammoning ildizini aniqlash, mas'ullardan izoh olish uchun Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga bordik. Savollarimizga kanallarga xizmat qiladigan Sharof Rashidov tumani irrigatsiya bo‘limi mas'ul xodimi Rayimjon Esirgapov javob berdi.

R.Esirgapovning hikoya qilib berishicha, shu vaqatgacha nodavlat-notijorat uyushma bo‘lgan suv iste'molchilari uyushmasi tomonidan kanallarni tozalash amalga oshirib kelingan. Uyushmada mablag‘ yo‘q, shu sababli kanallar asosan tashkilot va aholining yordami bilan hashar yo‘li orqali tozalangan.

Shu yilning 2 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 395-F sonli farmoyishi va unga binoan Jizzax viloyati hokimining 7 sentyabr kuni chiqarilgan 163-F sonli farmoyishiga ko‘ra, Jizzax shahrini kesib o‘tuvchi irrigatsiya tizimi kanallari va sug‘orish tarmoqlarini tozalash va obodonlashtirish ishlari Jizzax shahar hokimligi huzuridagi obodonlashtirish boshqarmasiga o‘tkazilgan. Jumladan, Jizzax shahri hududidan o‘tuvchi Qulniyoz bosh kanalining 610 metr, Qulniyoz sug‘orish tarmog‘ining 4,5 kilometrlik qismi ham.

Demak, masala obodonlashtirish boshqarmasiga borib taqalmoqda. Shu sababli keyingi manzilimiz Jizzax shahar obodonlashtirish boshqarmasi bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha, hali bu ishlarni to‘liq o‘z tasarrufiga olish uchun boshqarma oldidan ko‘plab muammolar ko‘ndalang bo‘lib turibdi.

Jizzax shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi bosh muhandisi G‘afur Ahmedovning hikoya qilib berishicha, chindan ham azaldan kanallar hashar yo‘li bilan tozalab kelingan. Unda shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari va texnikalari ham to‘liq ishtirok etgan.

«Kanallardagi loyqa o‘z yo‘liga, biroq chiqindilarni aholining o‘zi tashlaydi. Shu Qulniyoz kanalidan molning o‘ligini chiqardik. Borib tozalaganmiz. Tozalash ishlarida ham qiyinchilik bor. Kanallarning usti, yon atrofida aholi noqonuniy qurilmalar qurib olishgan, daraxtlar ekishgan. Bular ham tozalash ishlariga qiyinchilik tug‘diradi.

Qolaversa, bizda yetarli ishchi kuchi yo‘q. Ayniqsa, texnikalarimiz yo‘q. Kanallarni tozalashdan keyin chiqindilarni tashish uchun kattaroq texnika kerak bo‘ladi. Irrigatsiya tizimlari bo‘yicha mutaxassis ham kerak bo‘ladi. Boz ustiga, kanallar yoqasidagi noqonuniy qurilmalar va daraxtlarni bartaraf etish ham kerak bo‘ladi», — dedi G‘afur Ahmedov.

Obodonlashtirish boshqarmasi hali ishga to‘laqonli kirishish uchun yetarli texnika va ishchi kuchiga ega emasligi oydinlashmoqda. Aytilishicha, Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimining farmoyishidan kelib chiqib, zarur takliflar berilgan, endi uni Moliya vazirligi o‘rganib chiqishi talab etilar ekan.

Jizzaxda bir qaraganda oddiy ko‘rinsa-da, aslida murakkab muammo bor va u jiddiy e'tibor talab etadi. Shahardagi mahallalarni kesib o‘tuvchi kanallar chiqindi va axlatga to‘lib qolayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Biroq kanallarga o‘sha chiqindi va axlatlarni asosan fuqarolarning o‘zlari tashlashayotgani mutasaddilar tomonidan ta'kidlab o‘tildi. Boz ustiga, fuqarolar kanal ustiga va uning muhofaza zonasiga turar va noturar binolar barpo etishgan, daraxtlar ekishgan. Bu esa kanalni tozalashda jiddiy qiyinchiliklar keltirib chiqaradi.

Ayni vaqtda kanallarni tozalash uchun yo‘lak ham qolmagan. Buning uchun kanallarning himoya zonasi ochilib, ularni tozalash uchun texnika va odamlar yurishi uchun yo‘lak ochish talab etiladi. Bu esa ayrim noqonuniy qurilgan bino va inshootlarning buzilishini ham taqozo etadi.

Albatta, har jabhada tartib, intizom va belgilangan qoidalarga rioya bo‘lishi kerak. Jizzaxdagi bu toshqin ham betartiblik samarasi emasmi? Mas'ullar bu muammoga kelgusida qanday yechim topishadi? Kanallar yoqasi chindan ham obod bo‘ladimi? Ular chiqindilarga to‘lib qolmaydimi? Bunda fuqarolardan ham, mas'ullardan ham vijdonan yondashuv talab etiladi. Shundagina uylarimizni nogahon suv bosmaydi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.
Tasvirchi: Jahongir Aliboyev.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top