17:14 / 21.12.2020
19498
Koronavirus vaksinasi. Savollar va javoblar

Dunyoning bir necha davlatlarida, jumladan, Rossiya, Buyuk Britaniya va Kanadada koronavirusga qarshi vaksinatsiya jarayoni boshlanib ketgan. Birinchi navbatda tibbiyot xodimlari, qariyalar va jiddiy surunkali kasalligi bor aholi vakillari emlanmoqda. Biroq yil davomida intiq kutilgan vaksinaga ayrim joylarda ishonchsizlik bilan qarashmoqda.

Foto: AFP

Rossiyada o‘tkazilgan bir necha so‘rovlar natijasida aholining «iqtisodiy faol» qatlami vaksinatsiyaga qarshi ekani ma'lum bo‘ldi. SuperJob rekruting kompaniyasi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 1600 respondentning 44 foizi vaksinatsiyaga qarshiligini aytgan bo‘lsa, bor-yo‘g‘i 22 foizi vaksina olishga roziligini bildirgan.

Hayratlanarli tomoni, vaksinatsiyaga vrachlar ham qarshi chiqishgan. «Spravochnik vracha» servisi avgust oyida so‘rov o‘tkazgandi. Unda qatnashgan 3000 nafar shifokorning aksari – 52 foizi Gamaleya markazi ishlab chiqayotgan vaksinani olishga tayyor emasligini aytgan. Ularning ko‘pchiligini preparatning samaradorligi haqidagi ma'lumotlar yo‘qligi va o‘ta qisqa muddatda tayyor bo‘layotgani shubhaga solgan.

Koronavirus va uning oqibatlaridan 300 mingdan ortiq odam vafot etgan AQShda bu boradagi raqamlar xiyol yaxshiroq. Associated Press o‘tkazgan so‘rov natijalari ko‘ra, amerikaliklarning qariyb yarmi vaksina olishga tayyorligini bildirgan. Respondentlarning 26 foizi keskin fikr bildirgan. Mutaxassislarning fikricha, kollektiv immunitet shakllanishi uchun aholining 70 foizi vaksina olishi shart. Odamlarni vaksinaning ehtimoliy nojo‘ya ta'sirlari ko‘proq tashvishga soladi.

BBS xizmati vaksina haqidagi savollarga javob topishga harakat qilib ko‘rdi.

Vaksina xavflimi?

Qisqacha qilib aytganda, koronavirusga qarshi vaksinani xavfli deyishga asos yo‘q. Nazariy jihatdan vaksina noxush reaksiya berishi mumkin, lekin buning ehtimoli juda past.

Qaysidir vaksina ma'qullangan davlatlarda birinchi navbatda shifokorlar emlanmoqda / GETTY IMAGES

Olimlar aynan nojo‘ya ta'sirlarni oldindan ko‘ra olish uchun ham eng quyidan boshlab sinovlar o‘tkazishdi. Namunalar avval laboratoriyalarda sinaladi. Keyin jonivorlarda. Ana undan keyingina odamlarda sinaladi. Masalan, Pfizer va BioNTech sinovlarida 40 mingdan ortiq ko‘ngillilar qatnashgan.

Undan tashqari, davlat regulyatorlari ham sinov o‘tkazishi mumkin. Masalan, Britaniyadagi Dori va tibbiy jihozlarni muvofiqlashtirish agentligi (MHRA), AQSh Oziq-ovqatlar va dorilar sifati bo‘yicha boshqarmasi (FDA) va Rossiya misolida sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlash uchun topshirilgan preparatlarni qo‘shimcha sinashlari mumkin.

Nojo‘ya ta'sirlarchi?

Vaksinalarning ba'zilari kundalik yumushlarni bajarishda xalal berishi mumkin, lekin yoqimsiz hislar bir necha kundan keyin o‘tib ketadi, deyiladi AQShning kasalliklarni nazorat va profilaktika qilish markazi bayonotida.

Nufuzli Science jurnalida yozilishicha, Amerika vaksinalari odamlarda kundalik ishlarni qilishga xalal beradigan darajada jiddiy nojo‘ya ta'sirlar uyg‘otmagan. Pfizer va Moderna vaksinalarini olganlarning 2 foizidagina tana harorati 39-40 darajagacha ko‘tarilgan.

«Sputnik V» yaratuvchilari harorat ko‘tarilishi, holsizlik, bosh og‘rig‘i kabi nojo‘ya ta'sirlar bo‘lishini aytib, bir necha kunda o‘tib ketishini ma'lum qilishgan.

Ko‘p davlatlarda vaksinaga ishonch past. Odamlarni ehtimoliy nojo‘ya tas'sirlar tashvishlantirmoqda
SERGEY KARPUKHIN/TASS

Stenford universiteti epidemiologi Ivonna Maldonado bu haqda shunday deydi: «Aksar vaksinalarning nojo‘ya ta'sirlari bo‘ladi. Aslida bu organizm immun tizimining vaksinaga reaksiyasidir. Aynan shunday immun javob juda muhim».

Allergik reaksiyalar-chi?

Vaksinatsiya boshlangach, ayrim vaksinalarning allergik ta'sirlari haqida ham gapirila boshlandi.

OAVda asosan Pfizer va BioNTech vaksinasini olgan Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash tizimi (NHS)ning ikki xodimida namoyon bo‘lgan allergiya reaksiyasi muhokama qilinyapti. Muhim joyi – har ikki xodim ham allergiyasi bor insonlar, ular hatto o‘zlari bilan shprits va adrenalin olib yurishgan. Hozir ular o‘zlarini yaxshi his qilishmoqda. Undan tashqari, ular bilan bir kunda vaksina olgan ming nafar odamning birortasida reaksiya kuzatilmadi.

Shu kabi holat Alyaskada ham kuzatildi. To‘g‘ri, bu holatda vaksina olgunga qadar mijozda allergiya bo‘lmagan. Reaksiya bo‘lgach, unga epinefrin qilingach, allergiya chekingan.

Ishlab chiqaruvchilar vaksinaning ma'lumotlar bukletida preparat tarkibida mavjud moddalarning biriga allergiyasi bor mijozlarga vaksina qilinmasligi yozib qo‘yilgan bo‘ladi. Pfizer va BioNTech preparatlarida allergiya qichishish, nafas yetishmovchiligi, yuz va tilning shishishi kabi holatlar bilan kuzatiladi, deb yozilyapti.

Bu yozuvlar mijozni cho‘chitishi mumkin, lekin bunday simptomlar asosan kuchli allergiyasi bor odamlarda kuzatiladi. Eng asosiysi – bunday holatlarda reaksiya kuzatilgan odamlarga tez yordam ko‘rsatishning sinalgan usullari mavjud.

O‘tgan haftada Oregon shtatining Portlend shahrida emlash jarayoni boshlandi. Suratda shifokorlar bir-birini tabriklashmoqda / GETTY IMAGES

Undan tashqari, nafaqat koronavirus vaksinasi, balki istalgan preparat individual allergik reaksiya paydo qilishi mumkin. Mutaxassislar uchun bunday reaksiyalar kutilmagan holat emas. Har ehtimolga qarshi Britaniyaning Dorilar va tibbiy tovarlarni muvofiqlashtiruvchi agentligi (MHRA) dorilarga allergiyasi bor odamlarga emlanmay turishni tavsiya qildi.

Vaksinalar xavfsiz bo‘lsa, nega davlat rahbarlari emlanmayapti?

Hozirgacha birortayam davlat rahbari emlangani yo‘q va bu haqda ommatan e'lon qilinmadi.

Vladimir Putinning aytishicha, «hozirda vaksina muayyan yoshdagilar uchun mo‘ljallangan».

«Men kabilarga hali vaksina yetib kelmadi. Shuning uchun men vaksina olmadim. Lekin imkoni bo‘lishi bilan albatta olaman», degan 68 yoshli Putin.

Biroq Moskvaning 62 yoshli meri Sergey Sobyaninga yoshi vaksina olishi uchun to‘siq bo‘la olmadi.

«Aks holda Rossiya vaksinasini tashviq qilishim qiyin bo‘lardi, chunki so‘rovlarga ko‘ra hatto bugun ham rossiyaliklarning yarmiga vaksina kerakmas, u hali oxirigacha ishlab chiqilmagan degan shubha bor», degandi Sobyanin Putinga.

Vaksinatsiya boshlanmagan ayrim davlatlarning rahbarlari fuqarolardagi preparatga nisbatan shubhalarni tarqatish uchun emlanishni o‘zlari boshlab berishni e'lon qilishdi. «Sputnik V»ga qiziqish bildirayotgan Argentina prezidenti Alberto Fernandes «hech kim qo‘rqmasligi uchun» birinchi bo‘lib emlanishga va'da berdi.

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte ham «Sputnik V» vaksinasini namoyishkorona olishni e'lon qildi. «Menda sinab ko‘ringlar, bu yaxshiku», dedi u.

Putin yoshi tufayli hali emlanmasligini aytgan / SERGEI BOBYLEV/TASS

Yevropada esa aksar davlat rahbarlari vaksinani avvalo tibbiyot xodimlari olishlari kerakligini ta'kidlashgan.

Nega boshqa vaksinalar ustida uzoq ishlanadi, koronavirus vaksinasi esa nisbatan qisqa muddatda ishlab chiqildi?

Vaksinani yaratishning o‘zi kifoya emas, olimlar preparatning tez va og‘riqsiz ta'sir qilishini istaydilar. Shuning uchun odatda vaksina ishlab chiqish bir necha yilga cho‘ziladi.

Avvaliga preparatning chiqarilish shakli va nojo‘ya ta'sirlari ustida izlanib, laboratoriyalarda uzoq sinovlar o‘tkaziladi. Kerakli xulosalarga kelingach, hayvonlarda, ko‘pincha, sichqonlarda sinovlar o‘tkazila boshlanadi.

Hayvonlarda o‘tkazilgan sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa, olimlar odamlarda tekshiruv o‘tkazishadi. Vaksina, avvaliga, xavfsiz ekaniga ishonch hosil qilish uchun kam sonli odamlarga beriladi (I faza). Ana shundan keyingina inson immunitetiga ta'siri o‘rganila boshlanadi (II faza). Keyingi bosqich aholining turli qatlamlarida sinab ko‘rish bo‘ladi (III faza). Bunda preparat bolalar, o‘rta yoshlilar, qariyalar, turli kasalliklarga chalinganlarda sinaladi.

Nojo‘ya ta'sirlar kam bo‘lgani va ancha keyinroq paydo bo‘lishi mumkinligi bois, vaksinatsiyadan keyin ko‘ngillilar yillar davomida kuzatiladi. Ana shundan keyingina klinik sinovlar tahlil qilinadi va xulosa ijobiy bo‘lgan taqdirdagina ommaviy ravishda ishlab chiqarishga qaror qilinadi.

Yirik farmkompaniyalar klinik sinovlar bilan parallel ravishda, hali natijalar ma'lum bo‘lmasidan,
millionlab dozadagi buyurtmalarga ulgurish uchun vaksinani ommaviy ishlab chiqarishni boshlab yubordi

Koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqish favqulodda holatlarda olib borildi va ko‘plab rasmiyatchiliklarni chetlab o‘tishga to‘g‘ri keldi.

Masalan, hayvonlar emas birato‘la odamlar sinaldi. Yirik farmkompaniyalar (masalan AstraZeneca) klinik sinovlar tugamasidan va demakki vaksina qanchalar samaradorligini aniq bilmasdan turib preparatni millionlab dozada ishlab chiqara boshlashdi. Sinovlar tugamasidan davlat sertifikatini olish esa («Sputnik» misoli), misli ko‘rilmagan voqea bo‘ldi.

Undan tashqari, farmkompaniyalar muammo global xarakterga ega ekani bois vaksinani ishlab chiqarish uchun ancha ko‘p mablag‘ sarflab yuborishdi. Ammo tez ishlab chiqildi degani xavfsizlik protokollari butunlay chetlab o‘tildi degani emas.

Emlanish uchun boshqa davlatga borsa bo‘ladimi?

Hozircha bu imkonsiz. Vaksinatsiya boshlangan davlatlarda emlanish tartibi mahalliy boshqaruv organlari tomonidan belgilanadi.

Masalan, Rossiya hududida vaksinatsiya Moskvada boshlandi va boshqa hududlarga preparatlar yetkazilishi endi boshlandi. Emlanish birlamchi risk guruhidagi odamlardan boshlandi. Ularga odamlar bilan ko‘p muloqotga kirishadigan aholi qatlami kiradi. Masalan, tibbiyot xodimlari, savdo va xizmat sohasidagi odamlar va hokazo. Imkoni boricha, ro‘yxat kengayib boraveradi.

GETTY IMAGES

Joylarda vaksina turizmi uyushtirishga harakatlar bo‘ldi. Masalan, kelib chiqishi rossiyalik bo‘lgan Pragada yashovchi tadbirkor Rossiyada ommaviy emlanish boshlanishi bilan yevropaliklarga tur tashkillashtirmoqchi bo‘ldi. Rossiya hukumati bunga tezda javob berib, firibgarlik deb baho berishdi.

«Tijorat maqsadidagi vaksinatsiyaning iloji yo‘q. Ommaviy emlanish boshlandi va u bepul. Prioritet – rossiyaliklar. Ichki talab qondirilib, barcha emlanib bo‘lgachgina tijorat haqida o‘ylashimiz mumkin bo‘ladi», deb bayonot bergan Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri yordamchisi Aleksey Kuznetsov.

Vaksinalar bir-biridan nima bilan farqlanadi?

Rossiya va Britaniya vaksinalari («Sputnik V» va AstraZeneca) vektor texnologiyalari asosida ishlab chiqarilyapti. Bunday texnologiyada bir virusning genetik materialini yetkazish uchun oddiy shamollashning adenoviruslar oilasidan bo‘lgan boshqa bir virusning qobig‘idan foydalaniladi. Bu yillar davomida vaksina yaratilishida foydalanib kelingan texnologiya. Masalan, Ebola virusiga qarshi vaksina shunday yaratilgan.

Moderna va Pfizer/BioNTech vaksinasi esa boshqacharoq usulda yaratiladi. Bunda innovatsion RNK matritsasi texnologiyasidan foydalaniladi. Koronavirusga qadar birorta vaksina bu usulda yaratilib, odamlarda foydalanish uchun tasdiqdan o‘tmagan.

Bir texnologiya bo‘yicha yaratilsa, «Sputnik» va Oksford vaksinalarining farqi nimada?

«Sputnik» yaratuvchilari qobiq sifatida inson adenovirusidan foydalanishsa, Oksford tadqiqotchilari shimpanze adenovirusidan foydalanishadi.

Yo‘q, emlangandan keyin siz adenovirus bilan kasallanmaysiz. Gap shundaki, kasallik qo‘zg‘atuvchi adenovirus geni yo‘q qilinadi. Uning o‘rniga koronavirus oqsili kodi bilan gen joylashtiriladi. Bu immun tizimiga turib bera olish va antitanachalar ishlab chiqarish imkonini beruvchi xavfsiz texnologiyadir. Antitanachalar esa sizni shikastlanishdan saqlaydi. Vaksina bu – sog‘lom odam tez tuzalib ketishi kafolatlangan holda virus yoki bakteriya bilan atay shikastlashdir.

Har ikki variantning ham o‘z ustunlik va kamchiliklari bor. Shuning uchun ham rossiyalik va britaniyalik tadqiqotchilar loyihani qo‘shma tarzda davom ettirishga qaror qilgan ko‘rinishadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top