13:33 / 21.12.2020
5010

Tanqiddan so‘ng: Jomboydagi ikki qishloq muammosi yechildi. Ta'mirtalab yo‘l masalasi esa ochiq qolmoqda

Kun.uz saytida bundan 10 oy avval «Suv tanqisligi sillamizni quritdi» — Jomboydagi mahalla mutasaddilar e'tiborsizligidan aziyat chekmoqda va keyinroq, iyun oyida «Biz oddiy suv va transformator so‘rayapmiz, dunyoni emas» – g‘aziraliklar hokimlik va'dasi bajarilmaganini aytmoqda» sarlavhali tanqidiy maqolalar e'lon qilingan edi.

Unda jumladan, Samarqand viloyati Jomboy tumani «G‘azira» mahallasiga qarashli ikki qishloqdagi suv, yaroqsiz transformator va yo‘l bilan bog‘liq og‘ir holatlar  qalamga olingandi.

Bir necha kun avval tahririyatimizga Jomboydagi shu ikki qishloq vakillari qo‘ng‘iroq qilib, nihoyat ko‘tarib chiqilgan suv va transformator muammosi hal qilingani haqida xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, G‘aziradagi Shakar qishlog‘iga o‘tgan vaqt davomida tuman hokimligi, viloyat va tuman elektr tarmoqlari korxonasi bilan hamkorlikda 100 kVt.li yangi transformator qo‘yib berilgan.

Shuningdek, bajarilgan ishlar doirasida 2 km kabel tarmog‘i va yaroqsiz holga kelib qolgan yog‘och ustunlar o‘rniga 30 dona temir beton ustunlar ham o‘rnatilgan.

«Eski transformator va kunora kuzatiladigan avariyalar, uni tuzatish uchun bo‘ladigan doimiy pul yig‘imlari bizni holdan toydirgandi. Shukr, bu muammolardan qutuldik. Murojaatlarimizga befarq bo‘lmagan insonlarga rahmat. Endi o‘sha murojaatda aytilgan yo‘l muammomizga ham e'tibor qaratishsa qaniydi. Rosti, yozda ko‘tariladigan quyuq chang va qishda tizza bo‘yiga yetadigan loyli ko‘cha ta'miri yillar davomida bizni juda horitdi. Chunki qishloqqa olib kiradigan deyarli 1 kilometrli yo‘lni faqat o‘z hisobimizdan ta'mirlashga majburmiz. O‘tgan yili sektor rahbari, tuman prokurori ham kelib arzimizni eshitgandi. Lekin u yana o‘zimizning hisobdan yo‘lning ozgina qismiga 4 mashina tosh to‘ktirib ketdi. Axir buni shusiz ham o‘zimiz qilib kelayotgandik», – deydi qishloq aholisi.

Navro‘ztepaliklar esa ko‘p yillik ichimlik suvi muammosi ijobiy hal qilinganidan xursand.

«Kun.uz saytida maqola va videolavha e'lon qilingandan so‘ng ancha paytdan beri yurmay turgan ishimiz yurishib ketdi va uylarimizga ichimlik suvi keldi. Garchi ishlar «Suvoqova» ishlab chiqarish korxonasi tomonidan tashkil qilingan bo‘lsa-da, biz ham qarab turmadik, hamma imkon darajasida mablag‘ini shu ishga qo‘shdi», – deydi ular.

Ta'kidlanishicha, qishloq aholisiga toza ichimlik suvi chiqarish uchun avvalo qishloqdagi suv inshooti joriy ta'mirlanib, quvvati ETsV-8 nasos o‘rnatilgan. Shundan so‘ng yotqizilgan jami 800 metrga yaqin suv tarmog‘i yordamida 33 ta xonadon va 165 kishiga toza ichimlik suvi yetib borgan.

Kun.uz tahririyati.

Mavzuga oid
Top