14:18 / 21.12.2020
6500

Toshkent shahrida ishsiz aholi soni qanchaligi ma'lum qilindi

Joriy yilning 19 dekabr kuni poytaxt hokimligida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: mahalladosh.uz

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2020 yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda kelgusi yilga belgilangan rejalar to‘g‘risida shahar aholisiga murojaat qildi.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yilda Toshkent shahrini rivojlantirish dasturining asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha yil yakuniga o‘sish sur'atlari ta'minlanishi kutilmoqda. Jumladan:

  • yalpi hududiy mahsulot hajmi - 84 trln 5 mlrd so‘mni, o‘sish sur'ati - 100,9 foizni, aholi jon boshiga esa 32 mln so‘mni tashkil etdi;
  • sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 63 trln so‘m, o‘sish – 100,1 foiz, aholi jon boshiga 24 mln so‘m;
  • jami xizmatlar hajmi – 81 trln so‘m, o‘sish 105,4 foiz, aholi jon boshiga 31 mln so‘m;
  • chakana savdo tovar aylanmasi – 42 trln so‘m, o‘sish 103,8 foiz, aholi jon boshiga 16,1 mln so‘mni tashkil etdi.

Bugungi kunda Toshkent shahrida jami faoliyat yuritayotgan 15 ming 745 ta sanoat korxonalarida qariyb 200 ming nafar ishchi xodimlar ishlaydi. Investitsiya dasturiga muvofiq, jami 1 mlrd 496 mln dollar shundan, 1 mlrd 190 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida 2 mln 600 ming aholi istiqomat qilib, shundan mehnat resurslari soni 1 mln 600 ming nafarni tashkil etadi. Jami band aholi soni 1 mln 200 ming nafar, shundan rasmiy sohada bandlar 895 ming (76 foiz), norasmiy bandlar 262 ming kishi (21 foiz)ga teng. Ishsizlik darajasi - 9,1 foiz, ishsizlar soni - 115 ming kishi.

Hudud va tarmoqlarni kompleks rivojlantirish investitsiya dasturi, sanoat, xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishdagi yangi yirik va kichik loyihalarni tashkil etish, mavjudlarini kengaytirish hisobidan hisobot yilida jami 59 ming 347 ta yangi doimiy ish o‘rinlari yaratilgan.

Top