13:59 / 21.12.2020
18949

Toshkentda kirakash bosqinchilar ushlandi

Toshkent shahrida 23 yoshli A.U. jinoiy sheriklari, 25 yoshli S.O. va 34 yoshli N.K. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruhga birlashib, ushbu guruhga rahbarlik qilib jinoyat sodir etgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda. 

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 4 dekabr kuni soat 23:30da u jinoiy sherigi N.K. boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli avtomashinada Uchtepa tuman 23-mavzesi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtida, yo‘l yoqasida taksi to‘xtatib turgan 31 yoshli S.X.ni Yashnobod tuman Qo‘yliq bozoriga olib borib qo‘yishga kelishgan.

Qayd etilishicha, bu shaxslar S.X.ni avtomashinaga mindirgandan keyin u mast holatda ekanligini bilib, uning avtomashina ichida uxlab qolganligidan foydalanib, odamlar qatnovi kam bo‘lgan Sergeli tuman Toshkent halqa avtomobil yo‘li Past Darg‘om mahallasida joylashgan metro qurilishi olib borilayotgan hududdagi qorong‘i joyga olib borishgan.

Ma'lum qilinishicha, ular go‘yoki A.U. jinoiy sherigi S.O. bilan o‘zaro tortishib qolib, o‘rtadagi kelishmovchilikni hal etish holatini sahnalashtirib, avtomashinadan tushgandan keyin jinoiy sherigi N.K. fuqaro S.X.ga “ular janjallashib qolishdi, yuring ajratib qo‘yaylik, yordam berib yuboring” deb, uni ham avtomashinadan tushirgan.

N.K. S.X.ning orqasidan kelib, qasddan unga hujum qilib, o‘ng chap yuziga mushti bilan urib yerga yiqitib, urib-do‘pposlab, uni yuzi bilan yerga qaragan holatda yotqizib, qo‘lini orqasiga qayirib, shimining orqa cho‘ntagidan 350 ming so‘m pullari, 800 000 so‘mlik “Samsung J-5” rusumli uyali telefon apparati, qo‘lidagi bahosi 3 mln. so‘mlik erkaklar tillo uzugi, egnidagi 320 000 so‘mlik kurtkasini hamda uning cho‘ntagidagi 850 AQSh dollari miqdoridagi pullarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringanlar.

Sud-tibbiy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, fuqaro S.X.ga “yengil” tan jarohati yetkazilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan A.U., S.O. va N.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “b” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida A.U., S.O. va N.K. jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Mavzuga oid
Top