16:40 / 22.12.2020
2525
Davlat subsidiyani nega aynan turizm sohasiga ajratmoqda? Bosh vazir o‘rinbosari izoh berdi

2020 yil davomida mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga davlat budjetidan 200 mlrd so‘mga yaqin moliyaviy ko‘mak berilgan. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari - Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ma'lumot berdi.

Foto: Kun.uz

«Mehmonxona sohasini qo‘llab-quvvatlash tadbirlariga bu yil jami 200 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ko‘zda tutilgan. Keyingi yilda ham ularga shuncha miqdorda moliyaviy ko‘mak berish rejalashtirilgan.

Kimdir hayron bo‘lishi mumkin, davlat nega subsidiyani aynan turizm sohasiga ajratmoqda deb. Bu savolning javobi juda ham oson.

Biz mehmonxonalar qurilishiga o‘rtacha hisobda 20-23 foiz bo‘lgan qiymatni qoplab beramiz. Chunki buning umumiy effekti bor. Ya'ni bu qurilish, tekstil sohalari, kimyoviy mahsulotlar, oziq-ovqat borasida ham qo‘shimcha buyurtmalar ko‘payishiga xizmat qiladi. Eng asosiysi, mehmonxonalarda yaxshi oylik beradigan yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh vazir o‘rinbosari tadbirkorlarga ajratiladigan subsidiyalar haqida ham ma'lumot bergan.

«Biz subsidiyalar tizimini ham to‘liq ishlab chiqdik. Bunda nafaqat mehmonxonalarga yoki aviakompaniyalarga, balki boshqa infrastruktura yo‘nalishlaridagi tadbirkorlar hamda tur kompaniyalariga ham tegishli subsidiyalar tizimi joriy etildi.

Avvalo, tur kompaniyalarga keladigan bo‘lsak, ular pandemiya davrida mijozsiz qolgan vaqtda mazkur kompaniyalar yo‘qolib ketmasligi uchun ularning bir necha oylik xarajatlarini subsidiya qilib berdik.

10 milliondan 100 mln so‘mgacha bo‘lgan subsidiya ajratishni yo‘lga qo‘ygan edik. Pandemiya davrida mehmonxonalarning ham 3 oylik foiz xarajatlarini budjetdan qoplab berdik.

Keyinchalik ular o‘zining faoliyatini tiklashi uchun zarur bo‘lgan moliyaviy kreditlarning 10 foizgacha bo‘lgan qismini to‘g‘ridan to‘g‘ri tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash fondidan ajratib berdik.

Tadbirkorlarimiz har kuni ko‘mak va subsidiyalar uchun murojaat qilishmoqda.

2016 yilda O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i 30 ming atrofidagi mehmonxona o‘rinlari mavjud edi. Hozirgi kunda bu raqam deyarli 2 yarim baravar ko‘paydi. Ya'ni hozirda 85 mingdan ortiqroq mehmonxona o‘rinlari bor.

Bu ham hali yetarli emas. Yiliga 10 mln mijozni qabul qilishimiz uchun albatta mehmonxonalarda joylar bo‘lishi kerak.

Ayni paytda O‘zbekistonda investitsion loyihalar doirasida 180dan oshiq o‘rta va yirik mehmonxonalar qurilmoqda», dedi bosh vazir o‘rinbosari 22 dekabr kuni «Courtyard by Marriott Tashkent» mehmonxonasi ochilish tadbiridan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda.

Top