14:41 / 22.12.2020
5903

Kun.uz xayriyalar bo‘yicha murojaatlar qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi

Kun.uz sahifalarida xayriya aksiyasi tashkil etishni so‘rab murojaat qilgan ehtiyojmand fuqarolar soni 100 nafardan oshdi. Shu bois, tahririyat xayriya o‘tkazishga doir murojaatlarni qabul qilishni 2021 yil 30 aprelga qadar to‘xtatib turadi.

Ma'lumki, Kun.uz sayti tashkil etilganidan buyon turli kasalliklarga chalingan bemorlarning tibbiy muolajalari uchun xayriya tadbirlari tashkil etib kelinmoqda.

Saxovatpesha insonlarning xayr-ehsoni va ko‘magi o‘laroq mushkul ahvolda qolgan oilalar najot topmoqdalar.

Ammo bugungi kunga kelib xayriya aksiyasini uyushtirib berish istagida berilgan murojaatlar soni ko‘payib ketdi. Ayni paytda Kun.uz'ga xayriya tashkil etishni so‘rab murojaat qilgan va zarur hujjatlarni topshirgan ehtiyojmand fuqarolar soni 100 nafardan oshdi.

Saytning xayriyalarni yoritish rejasiga ko‘ra, haftasiga o‘rtacha ikkita material e'lon qilinishi mumkin. Ko‘rinib turibdiki, oddiy arifmetik hisob-kitoblarga ko‘ra, navbatdagilarning yarmi yoritilsa ham, kamida yarim yillik navbat hosil bo‘lgan va bu ro‘yxat muntazam uzayishda davom etmoqda.

Tahririyatga xayriya masalasida bir kunda o‘rtacha 6–7ta murojaat kelib tushmoqda.

Savol tug‘ilishi mumkin: saytda xayriyalar e'lon qilishni ko‘paytirsa bo‘lmaydimi? Bu jihat ham o‘ylab ko‘rilgan. Bunda e'tiborga olish kerakki, bir material saytda ma'lum vaqt turmasa, o‘rnini yangisiga bo‘shatib beraversa (oddiy qilib aytganda, har kuni yangidan-yangi xayriyalar e'lon qilinaversa), bundan samara bo‘lmaydi, talabgor uchun zarur mablag‘ to‘planmay qolishi mumkin. Va bu – tajribada ham o‘z isbotini topgan.

Qolaversa, hammaga ma'lumki, Kun.uz informatsion sayt bo‘lib, uning asosiy vazifasi axborot tarqatishdan iborat.

Shu va boshqa qator omillar tufayli Kun.uz sayti xayriyalar bo‘yicha murojaatlar qabul qilishni 2021 yilning 30 apreliga qadar to‘xtatib turadi.

Ayni paytga qadar navbatda turganlar qator tekshiruvlar va yangi talablar asosida qayta o‘rganib chiqiladi hamda navbati bilan yoritib boriladi. Bu ro‘yxat yakuniga ko‘ra xayriya faoliyatini davom ettirish masalasi qayta ko‘rib chiqiladi va bu haqida xabar beriladi.

Bizni to‘g‘ri tushunganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top