08:12 / 22.12.2020
14067
«Malika» savdo majmuasidagi pichoqbozlik bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

2020 yilning 8 dekabr kuni soat 13:40da 21 yoshli S.X. Toshkent shahar Shayxontohur tumani Taxtapul mahallasi Kichik halqa yo‘li ko‘chasida joylashgan “Malika” savdo majmuasining asosiy kirish darvozasi oldida 27 yoshli R.M. bilan janjallashgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, S.X. janjal davomida qo‘lidagi sovuq qurol hisoblangan “pakki” pichog‘i bilan fuqaro R.M.ning bel va o‘ng lunj sohasiga tan jarohati yetkazgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, R.M.ning tanasida “bel sohasi chap yarmi sanchib kesilgan jarohati. O‘ng lunj sohasi kesilgan jarohat”lari mavjudligi, ular og‘irlik darajasi bo‘yicha “o‘rtacha og‘ir” tan jarohatlari hisoblanishi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “v” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top