07:16 / 22.12.2020
10520
Oxirgi 20 yilda O‘zbekistonda bolalar nafaqasi qamrovi faqat qisqarib borgan - YUNISEF

Ilgari mamlakatda barcha bolalar bola nafaqasini olgan bo‘lsa, hozirda u faqatgina eng kambag‘al oilalarga berilmoqda.

YUNISEF O‘zbekistondagi ijtimoiy himoya tizimi baholangan hisobotini e'lon qildi. Unda aholini ijtimoiy muhofazalashdagi qator muammolar sanab o‘tilgan.

«So‘nggi 10–15 yilda O‘zbekistonda intensiv iqtisodiy o‘sish kuzatilgan bo‘lsa-da, aholining ba'zi qatlamlari boshqalarga qaraganda ko‘proq manfaatga ega bo‘lib qolmoqda. Kambag‘allikni kamaytirish va munosib ish o‘rinlarini yaratish jarayoni iqtisodiy o‘sish darajasiga mos ravishda kechmayapti», deyiladi hisobotda.

YUNISEF mamlakatda oqsayotgan ijtimoiy himoya tizimining asosiy kamchiliklari sifatida quyidagilarni sanab o‘tgan:

Ijtimoiy himoya tizimida yagona milliy strategiyaning, turli dastur va institutlar faoliyat koordinatsiyasining yo‘qligi. Mamlakat ijtimoiy himoya bo‘yicha yagona siyosat yoki strategiyaga ega emas, bu esa mazkur masalaga yaxlit yondashuv imkonini bermaydi. Ijtimoiy himoya bo‘yicha ko‘plab dasturlarni belgilovchi qonun hujjatlari bo‘lsa-da, bu tizimning kelajakda qanday rivojlanishini ko‘rsatuvchi asosiy normativ yo‘q.

Ijtimoiy himoya tizimi uchun javobgarlik turli idoralar orasida taqsimlanib ketgan, ammo bu borada yagona davlat siyosatini yurituvchi organ mavjud emas. Bundan tashqari, sohaga oid ko‘plab idoralar orasida gorizontal koordinatsiya talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan.

Ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy nafaqalar bilan ta'minlanish qamrovi cheklangan. Ilgari O‘zbekistonda barcha bolalar bola nafaqasi bilan ta'minlangan bo‘lsa, oxirgi 20 yilda uni oluvchilar soni sezilarli darajada qisqarib borgan – hozirda faqatgina eng kambag‘al oilalar bu nafaqani oladi.

So‘nggi tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, bola nafaqasini olish bo‘yicha barcha mezonlarga mos keluvchi ehtiyojmand oilalarning faqatgina 25 foizi bu nafaqani olmoqda.

Aholining mehnatga yaroqli qatlamini ijtimoiy himoyalash cheklangan. Ro‘yxatga olingan ishsizlarning faqatgina 1 foizi ishsizlik nafaqasini oladi. Ish bilan band aholini ishsizlikdan sug‘urtalash tizimi mutlaqo mavjud emas. Bu esa norasmiy sektorda mehnat qiluvchilar ulushining yuqoriligi (jami mehnatga layoqatli aholining 60 foizi) bilan bog‘liq.

Ijtimoiy xizmat sohasi yaxshi rivojlanmagan. Nogironlar, bolalar va keksalarni parvarishlash ko‘proq oilaning o‘zida amalga oshiriladi. Mazkur majburiyat ko‘p hollarda oiladagi ayollarning zimmasiga tushadi. Bu esa o‘z navbatida ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirilgan siyosatga ziddir.

Oila tomonidan parvarish bo‘lmagan holatda esa bolalar internatda, keksalar qariyalar uylarida, nogironlar muruvvat uylarida parvarishlanadi. Parvarish ijtimoiy xizmatlar tomonidan uyning o‘zida amalga oshirishga asoslanishi kerak, deya qayd etilgan YUNISEF hisobotida.

Top