18:59 / 22.12.2020
3056
SSV: O‘zbekistonda tez tibbiy yordam tizimiga 2800ga yaqin maxsus avtomobil jalb qilingan

2020 yilda O‘zbekistonda «103» xizmatiga dori-darmon uchun 75 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Hozirda har bir chaqiriq vaqtida dori-darmon uchun minimal xarajatlar miqdori 5000 so‘mni tashkil etmoqda.

«Ma'lumki, tibbiyoti taraqqiy etgan aksariyat mamlakatlarda aholiga tez va shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimida ham pullik xizmat yoki tibbiy sug‘urtadan foydalaniladi. Mamlakatimizda esa shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimi davlat budjeti tomonidan to‘liq moliyalashtiriladi.

Keyingi yillarda bu xizmatni moliyalashtirish hajmi ortib bormoqda. Jumladan, 2019 yilda «103» xizmatiga dori-darmon uchun 26 milliard 580 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 75 milliard 387 million so‘mdan ziyodni tashkil etdi.

Hozirda har bir chaqiriq vaqtida dori-darmon uchun minimal xarajatlar 5000 so‘m miqdorida belgilandi. Taqqoslash uchun aytish mumkinki, bu ko‘rsatkich 2016 yilda 748 so‘mni, 2017 yilda 1627 so‘mni tashkil etardi. 

So‘nggi yillarda davlat budjetidan soha uchun ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilish va hududlarning ushbu texnikaga bo‘lgan ehtiyojini qoplashga ham katta e'tibor qaratilmoqda. 

Jumladan, 2019 yilda tez tibbiy xizmatda ixtisoslashgan zamonaviy avtotransportlar soni 2403tani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 2746taga yetdi. 

Bu avtotransport vositalarining aksariyati sun'iy nafas berish, EKG apparatlari, mexanik so‘rg‘ich, defibrillyator, immobilizatsiya shinalari bilan ta'minlangan.

Shuningdek, mamlakatimiz bo‘ylab «tez yordam» xizmatining ratsiya aloqasi, telefon va planshet bilan ta'minlanish darajasi ham oshib bormoqda. Ayniqsa, barcha «tez yordam» mashinalarida qulay aloqani, chaqiriqlar uchun mashinani tezkor yo‘naltirishni ta'minlovchi GPS tizimini yo‘lga qo‘yishga ham alohida e'tibor berilmoqda.

Endilikda yurtimizda har 13 ming aholiga bitta maxsus tez yordam mashinasi xizmat ko‘rsatadi. Bu borada rivojlangan davlatlar tajribasini kuzatsak, ularda 20-25 ming kishiga bitta maxsus avtotransport vositasi to‘g‘ri keladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Top