22:08 / 22.12.2020
7678

Turkiya Ozarboyjonga 60 harbiy jo‘natdi

Turkiya Ozarboyjonga o‘z harbiylarini jo‘natdi. Ular rossiyalik tinchlikparvarlar bilan Tog‘li Qorabog‘da yarashuv rejimiga amal qilinishini nazorat qilishadi. 

Foto: EPA

Turkiya Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni nazorat qilish markazi qurish bo‘yicha kelishuv doirasida Ozarboyjonga 60 harbiysini jo‘natgan. Bu haqda Turkiya milliy mudofaa vaziri Xulusi Akar ma'lum qildi.    

“Hozirda personalimizdan 60 kishi Ozarboyjonga jo‘natildi. Uch tomon o‘rtasida markaz qurish bo‘yicha barcha kelishuvlarga erishilgan. Faqatgina qurilishga, personalni joylashtirishga taalluqli bir qator masalalarni hal qilish qolmoqda. Odamlarimiz u yerda ruslar bilan birga ishlashadi. Ularning hududda qolishlari muddati borasida Rossiya tomoni bilan gaplashamiz”, deb aytgan Akar.

Uning ta'kidlashicha, Tog‘li Qorabog‘dagi yarashuv ortidan rossiyalik harbiylardan tashqari, Turkiya qurolli kuchlarining “30dan 60gacha vakili” kuzatuv olib boradi.  

“Ular ruslar bilan birga o‘t ochishni to‘xtatish rejimining ta'minlanishi uchun barcha zarur ishni amalga oshirishadi”, deb ta'kidlab o‘tgan Turkiya mudofaa vaziri.  

9 noyabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi jangovar harakatlarni to‘liq to‘xtatish haqida qo‘shma bayonotni imzolashgandi. Bayonotga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat ortidan rossiyalik tinchlikparvar kuchlar kuzatuv olib boradi. 11 noyabrda esa Xulusi Akar va Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu videoaloqa orqali o‘tgan muzokaralar yakunlariga ko‘ra Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish rejimini nazorat qiluvchi Rossiya-Turkiya markazini tashkil etish haqida memorandum imzolashgan.     

Mavzuga oid
Top