23:46 / 22.12.2020
2401
Yopiq muassasalar tarbiyalanuvchilari jamiyatda duch kelayotgan muammolar ma'lum qilindi

Bolalarning yopiq muassasalarga tushishiga oilalardagi nosog‘lom muhit va hal qilinmagan ijtimoiy muammolar asosiy sabab bo‘lmoqda.

22 dekabr kuni YUNISEF hamda O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamkorligida notinch hududlardan qaytgan bolalarni, mehnat muhojirlarining farzandlarini, ixtisoslashgan o‘quv-tarbiya muassasalarini tark etayotgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni jamiyatga qayta moslashtirish mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, unda yopiq muassasalarni tark etgan o‘spirin va yoshlar oila va jamiyatga qaytgach duch kelayotgan asosiy muammolar haqida so‘z borgan.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi olib borgan o‘rganishlarga ko‘ra, yopiq muassasalardan chiqqan yoshlarni asosan quyidagi muammolar qiynaydi:

  • nosog‘lom oilaviy muhit (jumladan, oiladagi zo‘ravonlik holatlari);
  • oila va maktab tomonidan rad etilish holati, ayniqsa oila va maktab bolaning muassasaga tushishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa;
  • bola hayotida qo‘llab-quvvatlovchi, tushunadigan va himoya qiladigan oila a'zosi, qarindoshning yetishmasligi;
  • doimiy uy-joy yo‘qligi, sharoit og‘irligi va daromad yetishmovchiligi;
  • o‘qishni davom ettirish yoki ish topish uchun imkoniyatlarning yetishmasligi;
  • mehnat yoki jinsiy ekspluatatsiya xavfi, odam savdosi qurboniga aylanish xavfining borligi;
  • spirtli ichimliklarga, giyohvand va psixotrop moddalarga ruju qo‘yish xavfi;
  • qizlarda istalmagan erta tug‘uruq xavfi;
  • huquqbuzarlik, jinoyat sodir etish va oqibatda ozodlikdan mahrum bo‘lish xavfi.

Vazirlik vakili Nilufar Kamilova bolalarning yopiq muassasalarga tushishining asosiy sabablarini sanab o‘tdi.

«O‘rganishlar davomida olingan xulosalarga ko‘ra, bolalarning yopiq muassasalarga tushishiga oilalardagi nosog‘lom muhit, hal qilinmagan ijtimoiy muammolar, ta'lim muassasalarining barcha bolalar ehtiyojini qondira olmasligi, mahalla atrofidagi o‘spirin guruhlarning ta'siri sabab bo‘lmoqda», dedi u.

Bildirilishicha, yopiq muassasalarni tark etgan yoshlar va o‘spirinlarni hayotga reintegratsiya qilish bo‘yicha keys-menejment – har bir bolaning holatidan kelib chiqib, u bilan ishlashda alohida standartlarni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Top