08:06 / 23.12.2020
5297
2016 yilga solishtirilganda joriy yilda Jizzax viloyatida barcha jabhalarda keskin o‘sish ro‘y bergan

21 dekabr kuni Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyevning joriy yilda viloyatda amalga oshirilgan ishlar va islohotlarning amalga oshirilishi to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.

Saliyevning hisobotida 2020 yil yakuni bilan viloyatda barcha asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda 2016 yilga nisbatan o‘sish qayd etilayotgani ta'kidlab o‘tilgan. Bu haqda Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmatining rasmiy press-relizida qayd etilgan.

Foto: Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati

YaHM hajmi 2016 yilning mos davriga 3,6 barobar yoki 12,8 trln so‘mga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2016 yilga nisbatan 2,9, iste'mol mollari ishlab chiqarish hajmi 2,3, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 10, pudrat ishlari hajmi 7,7, chakana savdo aylanmasi 18,7, jami xizmatlar hajmi 2,8 barobarga oshgani ta'kidlandi.

(Koronavirus pandemiyasi sababli ketma-ket karantinlar joriy etilgan 2020 yilda barcha sohalarda o‘sish qayd etilganini solishtirish uchun negadir o‘tgan 2019 yil emas, 2016 yil tanlangani albatta qiziq — tah.)

Qishloq xo‘jaligida joriy yilda Jizzax viloyatida 684 ming tonna g‘alla, 220 ming tonna paxta, 730 tonna pilla, 440 ming tonna meva-sabzavot, 615 ming tonna go‘sht va sut mahsulotlari, 231 million dona tuxum yetishtirilgan. 41,3 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qayta ishlanib, 26,8 mln dollarlik tayyor mahsulot eksport qilingan.

Foto: Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati

Saliyevning ma'ruzasida kambag‘allik muammosi va bu borada olib borilgan ishlarga alohida e'tibor qaratilgan. 2020 yil davomida olib borilgan ishlar natijasida 14 ming 987 (88 foiz) kam ta'minlangan oilalardan 20 ming 343 (97 foiz) ishsiz oila a'zolari ish bilan ta'minlandi.

Murojaat davomida har bir mavzu bo‘yicha hokimlikning kelgusi yil uchun reja va loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi. Ergash Saliyev murojaatnomani tahliliy va tanqidiy ruhda olib bordi. Ko‘plab sohalarda oqsoqliklar mavjudligi ochiqlandi. Rahbarlarni xalq manfaatlariga xizmat qilishda faol bo‘lishga chaqirildi.

Foto: Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati

Xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashi sessiyasidan so‘ng, jurnalistlar va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanidan keyin, jurnalistlar va blogerlar uchun press tur tashkil etildi.

Top