21:15 / 23.12.2020
4787

2020 yilda 7,4 mingdan ortiq shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berildi

2020 yilda prezidentning 16 ta farmoniga asosan 7419 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.

Bu haqda IIV Fuqarolikni rasmiylashtirish va migratsiya boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ulug‘bek Muhammedov ma'lum qildi.

Ulug‘bek Muhammedov davlat rahbarining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga murojaatida tizim oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi yuzasidan qilingan boshqa ishlarni ham sanab o‘tdi.

«Prezidentimiz murojaatida fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini ta'minlash borasida muhim qadam qo‘yish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar belgilanishi, xususan ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston Respublikasida yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi» degan sharafli maqomga ega bo‘lishlari bo‘yicha 2020 yil 1 mayga qadar O‘zbekiston Respublikasi parlamenti va hukumatiga tegishli qonun loyihasini taqdim etish lozimligi belgilangan edi.

Shundan kelib chiqib, Ichki ishlar vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonuni yangi tahrirda ishlab chiqilib, 2020 yil 13 martda qabul qilindi.

Ushbu qonunga asosan, 1995 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan va doimiy ro‘yxatdan o‘tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish tartibi kiritildi va 2020 yil 1 apreldan boshlab ushbu toifadagi shaxslardan hujjatlar qabul qilish boshlandi.

Ulug‘bek Muhammedov

Yangi tahrirdagi qonundagi o‘zgarishlardan yana biri – O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini qabul qilish istagini bildirgan shaxsdan o‘zbek tilini muloqot darajasida bilishi lozimligi belgilandi.

Shuningdek, qonunda O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo ma'lumotlar almashuvi tizimini yaratish kabi masalalar o‘z aksini topgan. Xususan, «Ye-fuqaro» idoralararo ma'lumotlar bazasi orqali ma'lumot almashish dasturi ishlab chiqilib, fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalar ushbu dastur orqali 12 ta vazirlik va idoralar bilan kelishish mexanizmi joriy qilindi», – dedi Ulug‘bek Muhammedov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish va fuqarolikdan chiqish mexanizmlari isloh qilinib, arizaga ilova qilinishi lozim hujjatlar soni 2 baravarga qisqartirilgan.

Top