16:32 / 23.12.2020
59322
Koronavirusning mutatsiyaga uchragan yangi shtammi qanchalik xavfli? SSV izoh berdi

Buyuk Britaniya olimlari koronavirusning yangi shtammi tarqalayotgani haqida ma'lum qilishdi. Ularning ta'kidlashicha, bu turning avvalgi koronavirus infeksiyasiga nisbatan yuqumliligi 71 foiz bo‘lib, odatiy COVID-19’ga qaraganda o‘ta yuqumlidir. 

Shundan kelib chiqib, qator mamlakatlar Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlarni vaqtincha to‘xtatdi. Xo‘sh, dunyo ahlini tahlikaga solib turgan koronavirusning mutatsiyaga uchragan shtammi qanchalik xavfli, u infeksiyaning hozirgi shaklidan qanday farq qiladi? SSV matbuot xizmatining shu kabi savollariga vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Sevara Ubaydullayeva javob berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

“Biz shuni unutmasligimiz kerakki, har qanday virus atrof-muhitga moslashish davrida mutatsiyaga uchraydi. Mutatsiyaning qanchalik keng ko‘lamda bo‘lishi virus tarqaluvchanligi bilan bog‘liq, ya'ni kasallikni yuqtirgan har uchinchi, to‘rtinchi odamda bu virus mutatsiyasi kuzatiladi. Koronavirusning keng tarqalayotgan mutatsion shtammi sentyabr oyida birinchi bor Buyuk Britaniyada aniqlangan, bugungi kunda 60dan ortiq hududda bu shtamm kuzatilayotgani haqida ma'lumotlar mavjud. 

Olimlar kuzatishi bo‘yicha COVID-19’ning mazkur shtammi ko‘proq bolalar va yoshlarda aniqlanmoqda hamda kasallik belgilarida deyarli o‘zgarish yo‘q. Lekin bu shtamm aniqlanganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagani bois, kasallikning og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kechuvi haqida ma'lumotlar yetarli emas. Bu esa bizni yanada hushyor bo‘lishga chorlaydi”, - deydi shtab a'zosi.

Uning ta'kidlashicha, yangi shtamm tahlillari mutatsiyadan so‘ng virusning toj oqsillarida o‘zgarish bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Bular virusning odam tanasi hujayralari qobig‘idan o‘tib, ichkariga kirishida kalit vazifasini o‘tovchi qismidir. Virus shu tojlar orqali tana hujayrasi yuzasi bilan kontaktga kirishadi. Ishlab chiqilayotgan vaksinalar koronavirusning tashqi qobig‘i, ya'ni yog‘ kislotasi mavjud S-oqilli qobig‘iga ta'sir qiladi. Koronavirus mutatsiyaga uchrab, o‘z genetik shtammini o‘zgartirsa ham vaksinalar uning yangi shtammlariga ta'sir ko‘rsatishi to‘g‘risida Buyuk Britaniya va Rossiya olimlari ta'kidlab kelmoqda. 

“Vaksina immun tizimini virusning turli tarkibiy qismlariga hujum qilish uchun tayyorlaydi, bu esa tojning muayyan qismi mutatsiyaga uchrasa ham, vaksina samarasi saqlanib qolishini anglatadi. Dunyo olimlari virus vaksinaga qarshi tura oladigan mutantlarni keltirib chiqarsa, koronavirusga qarshi vaksinalarni kasallikka moslashtirib borish mumkinligi haqida aytishmoqda.

Ungacha kasallikdan himoyalanish uchun esa, doimiy ravishda karantin va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish kerak. Jumladan:

niqoblarni to‘g‘ri taqish va o‘z vaqtida almashtirish; 

uydan tashqariga chiqqanda o‘zaro masofa saqlash; 

qo‘llarni doim sovunlab yuvish yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berish;

uyga qaytganda, oila a'zolari bilan ko‘rishishdan oldin kiyimlarni almashtirish, qo‘llarni sovunlab 20 soniyadan ko‘p yuvish, tomoq va burunni 3 martadan ortiq issiqroq suvda chayish, yuzlarni yuvish;

sog‘lom va ratsional ovqatlanish, meva-sabzavotlarga boy ovqat iste'mol qilish (ovqat to‘liq termik ta'sirdan o‘tgan bo‘lishi kerak);

yengil jismoniy harakatlar bilan doimiy shug‘ullanish, nafas mashqlarini bajarish va asta-sekin jismoniy faollikni ko‘paytirib borish lozim”, - deya ma'lum qildi Sevara Ubaydullayeva.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Respublika maxsus komissiyasi bir necha davlatlar qatori Buyuk Britaniya bilan ham aviaqatnovlarni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qildi.  

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top