08:38 / 23.12.2020
3229

Tashqi ko‘mak loyihalarini kelishish tartibi o‘zgartirildi

Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga oid davlat siyosati tubdan takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan ayrim hukumat qarorlariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Norma’ning yozishicha, loyiha takliflarini ishlab chiqish va kelishish, shuningdek texnik ko‘maklashish mablag‘lari monitoringi va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom texnik ko‘maklashish loyihalarini tasdiqlash tartibiga doir normalar bilan to‘ldirildi. 

Xususan:

har yili 31 maydan kechikmasdan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kelgusi yilda donorlar tomonidan moliyalashtirish nazarda tutilayotgan texnik ko‘maklashishning ustuvor loyihalari ro‘yxati tayyorlanadi va Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishgan holda ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;

har yili 25 yanvardan kechikmasdan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda joriy yilda amalga oshirish uchun donorlar bilan oldindan ishlab chiqiladigan loyihalar ro‘yxati tayyorlanadi. Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi va 10 fevralgacha tasdiqlanadi.
 
Shuningdek yangi loyiha taklifini yuqorida ko‘rsatilgan Nizomning 5 va 6-bandlarida ko‘rsatib o‘tilgan ro‘yxatlarga kiritish uchun loyiha tashabbuskori bo‘lgan vazirlik yoki idora yoxud texnik ko‘mak oluvchi loyiha taklifini Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha Loyiha taklifi pasportini ilova qilgan holda tegishli vazirlikka kiritishi lozim.
 
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi loyiha taklifi olingandan keyin 10 kun muddatda Moliya vazirligiga loyiha taklifini ko‘rsatib o‘tilgan ro‘yxatlarga kiritishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa taqdim etadi.
 
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi loyihalar bo‘yicha mas'ul ijrochi etib belgilangan taqdirda, ular loyiha taklifini Moliya vazirligiga taqdim etadi.
 
Zarur bo‘lganda, Moliya vazirligi taqdim etilgan loyiha takliflarini ko‘rib chiqish uchun loyihani amalga oshirishning mo‘ljallanayotgan sohasiga aloqador bo‘lgan boshqa vazirliklar va idoralarni jalb qilishga haqlidir.
 
Ilgari qabul qilingan NHHlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirishga yo‘naltirilgan boshqa o‘zgartirishlar ham kiritilmoqda.
 
Hujjat 14.12.2020 yildan kuchga kirdi.

Top