15:01 / 24.12.2020
13944
Hayotning 6 jabhasi: Moddiy farovonlikka intilishda nimalarni unutmaslik lozim?

«Islom moliyasi» loyihasi moddiy farovonlikka intilayotgan insonlar unutib qo‘ymasligi lozim bo‘lgan hayotning olti asosiy jabhasini sanab o‘tdi. Kun.uz maqolani o‘zbek tilida taqdim etadi.

Foto: Depositphotos

Bu naqadar jo‘n va chegaralangan tuyulmasin, biroq odamlar ko‘pincha moddiy afzalliklar va boylikka yagona maqsad sifatida qarashadi. Holbuki, pul evaziga hayotda faqat bazaviy ehtiyojlarni qondirish mumkin, xolos.

Moddiy farovonlik tomon intila turib, biz doim o‘zimiz ziyon ko‘radigan narsalarning barchasini qilamiz. Shuning uchun bugun 6 tarkibiy qismdan iborat to‘laqonli farovon hayot «majmuasi» haqida gaplashamiz.

1. Salomatlik va oilaviy totuvlik. Bu ikki omil ishingiz muvaffaqiyatga (moliyaviy muvaffaqiyatga) erishishida fiziologik darajada ham, ruhiy-emotsional darajada ham ulkan rol o‘ynaydi.

Toki oilaviy masalalarni bir yoqlik qilmas ekansiz, salomatligingizga tupurib qo‘yar ekansiz, biznesingiz/yumushingiz o‘sishi mumkin emas. Shuning uchun toki ular sizni tark etmasidan avval oila va salomatlikni qadrlang...

2. Chuqur ixtisoslashtirilgan bilimlar va ko‘nikmalar. Ular har qanday joyda va har qanday sohada qadrlanadi.

Rivojlangan davlatlarda siz maxsus ekspertlik, tajriba va bilimga ega ekaningiz uchun istiqomat huquqini taqdim etishga tayyor bo‘lgan ko‘plab dasturlar bor. Ko‘plab juda boy odamlar va yirik kompaniyalar o‘z ishining ustalari uchun nollari ko‘p raqamlardan iborat maosh to‘lashga tayyorligini bilasizmi? Axir boylik shu emasmi?

3. Hamfikrlar va aloqalar. Agar sizda jips jamoa, sizniki bilan mushtarak dunyoqarash va qadriyatlarga ega, biznesning yorug‘ va qorong‘i yo‘laklarida birga odimlashga tayyor bo‘lgan insonlar bo‘lsa, demak omadingiz bor ekan, siz – real kapital egasisiz.

To‘g‘ri aloqalar va zarur kontaktlar ham haqiqiy boylik bo‘la oladi. Insonlarni bir-biriga bog‘lash, insonlarga savob va foydali ishlarni qilishda yordam berish, ularning bizneslarini ildamlatuvchi insonlar bilan tanishtirishdan aslo charchamang.

4. Insoniylik, yaxshi xulq-atvor va insoflilik. Agar siz katta pullar yirik biznes g‘oyalarga ega bo‘lsangiz-u, sheriklari, do‘stlari va yaqinlariga tupurib qo‘ygan sotsiopat va ashaddiy makiavelist, o‘z foydasi yo‘lida insonlarning taqdiri ustidan osongina hatlab o‘tishga qodir bo‘lsangiz – siz shunchaki jonsiz tanasiz.

O‘zingizdan kamtar nasihatgo‘y yasab olishga harchand tirishmang, sizning asliyatingizni ertami-kechmi anglab yetishadi. Qabihlik baribir ayon bo‘ladi. Shunday ekan, chinakam ichki xushxulqlik va odoblilik — bu ajoyib boylik, usiz har qanday boshqa kapital osongina bug‘lanib ketadi.

5. Ezgu ishlar. Faqat o‘zi uchun yashamaslik, foyda va foydali inson bo‘lishga intilish, muhtojlarga yordam berish, insonlar haqida qayg‘urish va bu ishlarni sidqidildan amalga oshirish lozim (chunki har bir ish samimiylik sinovidan o‘tadi).

Bularning barchasi ishlaringizga omonlik va baraka olib keladi. Bu – rad etib etib bo‘lmas metafizik qonun.

6. Chinakam va samimiy e'tiqod. Har qanday inson, o‘zi buni anglasa-anglamasa-da, samimiy e'tiqodga ehtiyoj sezadi. Chunki e'tiqod unga mustahkam mazmun, mo‘ljal va qadriyatlarning aniq tizimini beradi. E'tiqodli inson uning hayoti behuda emasligi, hayotdagi voqea va hodisalar ortida muayyan «oliy» reja yoki maqsad turganini aniq anglaydi.

E'tiqod bizga kundalik hayotdagi alg‘ov-dalg‘ovlar, azob-uqubatlar va kutilmagan mushkulotlarni yengib o‘tishga, ularda bizdan yashiringan donolikni ko‘ra olish va bizni haqiqat yo‘liga qaytarishda yordam beradi. Bu – e'tiqodimizdagi muhim konstruktiv funksiyalardan biri.

Bu ayniqsa ongimizni manipulyatsiya qilish turli darajali va axloq qoidalariga keskin xilof bo‘lgan zamonaviy dunyoda juda muhim. Shu sababli, e'tiqodni topa olgan insonni haqiqiy boylikka ega deyish mumkin.

Fikrimni Suqrotning quyidagi so‘zlari bilan yakunlashga ijozat bergaysiz: «Ezgulikni bilgan odam ezgu ishlar bilan shug‘ullanadi».

Top