11:50 / 24.12.2020
2745
«Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti talabalariga tahsil davridayoq ishlash imkoniyati yaratilyapti

«Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti tashkil topganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin o‘tgan uch yil davomida turizm universiteti ta'lim tizimida bir qancha yangiliklar bo‘ldi.

Respublika oliy ta'lim muassasalari orasida ilk bor «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetida xalqarolashuv jarayonini tezlashtirish hamda talabalarga e'tiborni yanada kuchaytirish maqsadida 2021 yil yanvar oyidan boshlab «part-time on-campus job», ya'ni kampusda talabalarga xizmat ko‘rsatadigan obektlarda ishlash imkoni yaratiladi.

Shuni tan olish kerak, zamonaviy talabalarning qo‘shimcha pul topish yo‘llarini izlashi ayni haqiqat. Chunki ayrim talabalarning ota-onalari farzandlarini har doim ham moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi va konraktlarini to‘lash imkoniyatiga ega emas. Shu sababli ayrim talabalar o‘z mehnati bilan pul topishga intiladi.

Biroq talabalarning ish topish imkoni cheklangan. Ish tajribasining yo‘qligi ularga bu borada pand berishi turgan gap. Boshqa tomondan, talabalarga ish uchun ajratilishi mumkin bo‘lgan vaqt ham cheklangan. Mehnat kodeksiga asoslansak, talabalar o‘quv jarayonidan tashqari, haftasiga 20 soatdan ortiq bo‘lmagan vaqt ichida ishlash imkoniga ega. Lekin hozirgi kunda shu cheklangan vaqtdan ham katta foyda olish imkoniyati mavjud.

«Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetida yaqin orada joriy etiladigan «part-time on-campus job» xizmati talabalarga quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:

1. Oylik maosh olish imkoniyati;

2. Tajriba orttirish;

3. Vaqtdan unumli foydalanish va hokazo.

Pandemiya sharoitida rivojlangan davlatlardagi universitetlarda joriy etilgan tajribani amalga oshirishning maqsadi bitta ­– talabalarga g‘amxo‘rlik qilish va talabalik davridanoq muhim tajribani qo‘lga kiritishlariga ko‘maklashishdir.

Top