08:12 / 24.12.2020
23499
Kirakashlik bilan shug‘ullanayotganlar nega o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yxatiga kiritilmaganiga izoh berildi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov kirakashlik bilan shug‘ullanayotganlar nima uchun o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yxatiga kiritilmagani haqidagi savolga javob qaytardi.

«Ushbu masala juda ham muhim va dolzarb hisoblanadi. Barcha hududlarda taksi xizmatini ko‘rsatuvchi fuqarolar ko‘p. Ularning faoliyatiga qonuniy sharoit yaratilsa, ularning ijtimoiy muammolari ham hal bo‘ladi. 

Lekin kirakash o‘zini o‘zi band qiluvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tsa, aholining xavfsizligini ta'minlash bilan bog‘liq masala yuzaga keladi. Ya'ni, aholi tashish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga qo‘yiladigan talablarni har bir o‘zini o‘zi band qilgan kirakash ham bajarishi kerak degan masala ko‘tarilgan va 67talik ro‘yxatdan chiqarib tashlangan. 

Lekin bu degani bu borada ish to‘xtab qoldi, degani emas. Ushbu masala bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuzilgan hamda maqbul yechim izlanyapti. Lekin bu voqea qachon ro‘y berishi haqida aniq javob ayta olmayman», — dedi Umarov.   

Top