20:23 / 24.12.2020
3591

Kirish imtihonlarida korrupsiya holatiga duch keldingizmi? – DTM so‘rovnoma o‘tkazmoqda

So‘rovnomada joriy yilgi kirish imtihonlarining o‘tkazilish sharoiti haqida munosabat so‘ralgan, shuningdek, korrupsiyaga aloqador savollar ham kiritilgan.

Davlat test markazi va U-Report platformasi o‘tkazayotgan so‘rovnomada hozirga qadar 12 mingdan ko‘proq respondent qatnashgan.

So‘rovnomada joriy yilgi kirish imtihonlarining ochiq havoda o‘tkazilganligi borasida munosabat so‘ralgan. Kirish imtihonlari qay darajada shaffof o‘tgani haqida ham savol berilgan.

Respondentlarning 39 foizi imtihon shaffofligini o‘rtacha baholagan. 23 foizi esa shaffof o‘tmagan, deb hisoblaydi.

Kirish imtihonlarida korrupsiya holatlari kuzatilgani haqidagi savolga ishtirokchilarning 54 foizi «yo‘q» deb, 14 foizi esa «ha» deb javob bergan. 30 foiz respondent korrupsiya haqida faqat eshitganini bildirgan.

Shuningdek, so‘rovnoma orqali keyingi yillarda hujjat topshirish jarayonini qanday tashkillashtirish va imtihon shaffofligiga erishish borasida takliflar ham berish mumkin.

So‘rovnomada @UReportUzbBot manzili orqali qatnashish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1,5 millionga yaqin abituriyent 140 mingga yaqin o‘rin uchun kirish imtihonlarini topshirdi. Pandemiya tufayli kirish imtihonlari ochiq havoda o‘tkazildi. Imtihon olinadigan fanlar esa 5tadan 2taga qisqartirildi. 

Top