10:04 / 24.12.2020
33181
Pandemiya vaqtida sog‘liqni saqlash sohasida 50 nafar yangi milliarder paydo bo‘ldi  
Foto: Getty Images

Dunyoda pandemiya boshidan beri sog‘liqni saqlash sohasida 50 nafar yangi milliarder paydo bo‘ldi. Ular koronavirusga qarshi vaksinalar, tibbiy qurilmalar va dorilar uchun idishlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga egalik qiladilar.   

Forbes nashrining ma'lum qilishicha, bu kishilarning boyligi vaksina ishlab chiqaruvchi va tibbiy qurilmalar yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar aksiyalari qimmatlashishi evaziga ortgan. Yangi milliarderlardan aksariyati virus tarqalishi boshlangan Xitoyda yashaydi.

Quyida pandemiya vaqtida milliarderlar darajasigacha boyigan bir qator kishilar haqida ma'lumot keltirilgan. 

Ugur Shaxin – BioNTech nemis biotexnologik kompaniyasi bosh direktori. Ushbu kompaniya AQShning Pfizer kompaniyasi bilan birga koronavirusga qarshi samaradorligi 95 foizni tashkil qiluvchi vaksinani ishlab chiqdi. Kompaniya aksiyalari narxi yil boshidan 160 foizga o‘sgan. Buning ortida BioNTech’ning 17 foiz aksiyasiga ega bo‘lgan Shaxinning boyligi 4,2 mlrd dollarga yetdi. 

Stefan Bansel – AQShning Moderna kompaniyasi rahbari. Ushbu kompaniya ham koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqqan. Ushbu vaksinani ham Pfizer vaksinasi kabi AQShda qo‘llashga ruxsat berildi. Yil boshidan beri Moderna aksiyalari narxi 550 foizga oshgan. Banselning ayni vaqtdagi aktivlari 4,1 mlrd dollarga baholanmoqda.   

Yuan Lipin – Shenzhen Kangtai Biological Producs kompaniyasi boshqaruv raisi Du Veyminning sobiq rafiqasi. Ayol eri bilan ajrashgandan keyin Xitoyda vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi kompaniyaning 24 foiz aksiyasini qo‘lga kiritgan. Yil boshidan beri kompaniya aksiyalari narxi 90 foizga, Yuanning boyligi esa 4,1 mlrd dollargacha o‘sgan.  

Xu Kun – Xitoyning Contec Medical Systems kompaniyasi rahbari. Kompaniya tibbiy qurilmalar, jumladan nebulayzerlar, stetoskoplar va tonometrlar ishlab chiqaradi. Avgustda Xu Kun kompaniyani Shenchjen birjasiga olib chiqqan. Xuga kompaniyaning 50 foizga yaqin aksiyasi tegishli. Aksiyalar narxi IPO o‘tkazilgandan keyin 150 foizga oshgan. Xuning ayni vaqtdagi boyligi 3,9 mlrd dollarga baholanmoqda. 

Karl Xansen — Kanadaning AbCellera kompaniyasi rahbari. Kompaniya sun'iy ong va mashinaviy o‘qitish texnologiyalari yordamida antitanalar qo‘llagan holda davolashning eng istiqbolli usullarini izlash bilan shug‘ullanadi. Forbes’ning baholashicha, Xansenning boyligi 2,9 mlrd dollarga teng. 

Timoti Springer - Moderna hamasoschisi. Uning kompaniyadagi ulushi 3,5 foizni tashkil qiladi va taxminan 1,6 mlrd dollarga baholanadi. Bundan tashqari, Springer bir qator boshqa biotexnologik kompaniyalarga sarmoyalar kiritib keladi.    

Serjio Stevanato – Italiyaning Stevanato Group kompaniyasi rahbari. Kompaniya dunyoda shisha flakonlar ishlab chiqaruvchi 2-raqamli kompaniya hisoblanadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, kompaniya ishlab chiqaradigan idishlar koronavirusga qarshi 40tadan ko‘proq vaksina uchun qo‘llanadi. Stevanato boyligi 1,8 mlrd dollarga baholanadi.

Avvalroq Forbes 2020 yil yakunlariga ko‘ra 2200dan ko‘proq milliarder yil davomida 1,9 trln dollarga boyiganini, ularning umumiy boyligi 11,4 trln dollarga baholanayotganini ma'lum qilgandi.  

Top