08:54 / 24.12.2020
4935

Qishloq xo‘jaligida sug‘orish quduqlarini burg‘ilash va ishga tushirish bilan bog‘liq ishlarga ixtisoslashgan korxona tashkil etilmoqda

Qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritish, shuningdek, suv ta'minoti og‘ir bo‘lgan hududlardagi aholi tomorqalari va qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun quduqlarni burg‘ilash ishlarini samarali tashkil etish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini sug‘orish uchun quduqlarni burg‘ilash ishlarini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashining Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Ma'muriy-xo‘jalik xizmati” davlat muassasasi muassisligida sug‘orish quduqlarini burg‘ilash va ishga tushirish bilan bog‘liq ishlarga ixtisoslashgan “Burg’ilash xizmati” mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi korxona tashkil etilishiga rozilik berilishi mumkin.

Sug‘orish quduqlarini burg‘ilash bilan bog‘liq xizmatlarni amalga oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarga burg‘ilash xizmatini ko‘rsatish hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish “Burg’ilash xizmati” MChJning asosiy vazifalari sifatida belgilanadi.

Belgilab qo‘yilishicha, “Burg’ilash xizmati” MChJ burg‘ilash texnikalari va uskunalarini xorijiy tashkilotlar va ularning dilerlik korxonalaridan tender tanlovlarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida xarid qilish huquqiga ega hisoblanadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi “Burg’ilash xizmati” MChJ ustavining tasdiqlanishi hamda uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlaydi.

“Burg’ilash xizmati” MChJning pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lari, jismoniy va yuridik shaxslar homiylik xayriyalari, xalqaro grantlar va texnik ko‘mak mablag‘lari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar korxona faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

“Burg’ilash xizmati” MChJ Toshkent viloyati, Qibray tumani, Universitet ko‘chasi 2-uyda joylashtiriladi.

Top