12:07 / 24.12.2020
5031
Tanzila Norboyeva Senatning bir yillik faoliyati bo‘yicha hisobot berdi. Asosiy tezislar

23 dekabr kuni Senat raisi Tanzila Norboyeva prezident Mirziyoyevning Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasi bo‘yicha Senat tomonidan 2020 yil davomida qilingan ishlar bo‘yicha ma'lumot berdi.

Kun.uz muxbiri 9 ta asosiy yo‘nalishda tayyorlangan ushbu hisobotdagi asosiy tezislarni to‘pladi.

Yalpi majlislar bo‘yicha rekord yili

Norboyevaga ko‘ra, tugayotgan yilda Senat faoliyatida kuzatilmagan holat – yil boshidan beri 10 ta yalpi majlis o‘tkazilgan. Bu majlislarda esa 60 ga yaqin qonun ko‘rib chiqilgan.

«Qonunlarning hududlar manfaatlariga mosligi darajasi tanqidiy-tahliliy ko‘rila boshlandi. Buning uchun mahalliy kengashlar, ekspertlar, amaliyotchi va jamoatchilik fikrini o‘rganishga e'tibor qaratdik. Shunday yondashuv asosida shu yilning o‘zida 6 ta qonun rad etildi», – degan u.

Senatga hisobot bera boshlagan elchilar va ko‘paygan parlament so‘rovlari

Senat raisi hisobotining ikkinchi qismida vazirlik, tashkilot rahbarlari, hokimlar hamda sektor rahbarlaridan hisobot olish amaliyotiga o‘tilgani misollar bilan keltirilgan.

«Shu yildan O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Masalan, hozirgacha 10 ta mamlakatdagi elchilar hisoboti eshitildi. Biz shuningdek, har chorakda davlat dasturi bo‘yicha hukumat hisobotini eshityapmiz», – dedi Tanzila Norboyeva.

Senat raisi keltirgan raqamlarga ko‘ra, hukumat a'zolari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yil davomida 13 ta parlament so‘rovi jo‘natilgan.

«Bundan tashqari, senatorlar tomonidan joylardagi dolzarb masalalar, muammolar yuzasidan vazirlik va tashkilotlar rahbarlariga 400ga yaqin so‘rov yuborildi», – ta'kidlagan u.

13,5 ming murojaat hamda e'tirof etilgan jurnalist va blogerlar

Norboyeva bu safargi chiqishida ham ko‘tarayotgan dolzarb masalalari uchun jurnalist va blogerlarni e'tirof etdi.

«Parlament nazorati tadbirlariga qaysi masalalar asos bo‘lmoqda, deb so‘ralsa, albatta OAVda, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda, jurnalistlar, blogerlar, fuqarolar ko‘tarayotgan dolzarb masalalar deb aytishimiz mumkin», – dedi u.

Senat raisi bu borada Sardobadagi falokat oqibatlarini bartaraf etish ishlari aynan fuqarolar murojaatidan keyin joyiga chiqib o‘rganilganini ham esladi.

Yillik hisobotda aytilishicha, 2020 yil davomida Senatga 13,5 mingga yaqin, shundan ijtimoiy tarmoqlar orqali mingdan ziyod murojaat kelgan.

3 mingdan ortiq murojaat alohida nazoratda o‘rganilgan, qariyb 600 ta ariza va shikoyatdagi muammolar asosli deb topilib, ijobiy hal qilingan.

Endi mahalliy kengash deputatlari yer ajratadi

Tanzila Norboyevaning keyingi yo‘nalish bo‘yicha bergan ma'lumotiga ko‘ra, mahalliy kengashlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shu yil 13 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. 40dan ziyod farmon va qaror bilan ularning vakolatlari kengaytirilgan.

«Bundan tashqari, endilikda yer ajratish masalasi ham mahalliy kengashlar vakolatiga berildi. Bu joylardagi xalq vakillari hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi o‘rni va rolini kuchaytiradi deb hisoblaymiz», – ta'kidladi u.

Shuningdek, u 2020 yildan Senatga mahalliy kengashlar noqonuniy qabul qilgan qarorlarni bekor qilish vakolati berilayotganini ham eslatdi.

Ranglarda tasniflana boshlagan tumanlar

Oliy Majlis Senati raisi yil davomida qilingan ishlardan biri sifatida hududlarning rivojlanish reytingi asosida rivojlanishdan ortda qolayotgan tuman, shaharlarni («qizil» hududlar) qoloqlikdan chiqarish masalasi bevosita hudud rahbarlari va deputatlar ishtirokida hal qilina boshlanganini ham ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, shu yildan tuman, shaharlar o‘z rivojlanish ko‘rsatkichiga qarab, qizil, sariq va yashil hududlarga ajratila boshlandi.

«Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuman, shaharlari, qishloq va ovullarini rivojlantirish bo‘yicha parlament nazorati o‘rnatildi. Buning uchun Senatda yangi qo‘mita, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tuzildi», dedi Tanzila Norboyeva.

Xalqaro tashkilotlar bilan 80 uchrashuv

Senat tugayotgan yil davomida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliya tuzilmalar va biznes vakillari bilan 80dan ziyod uchrashuvlar (onlayn) o‘tkazgan.

Yangi tuzilgan komissiya va kengashlar haqida

Tanzila Norboyeva o‘z hisobotida jamiyatdagi turli dolzarb masalalarni hal qilish uchun tuzilgan komissiyalar haqida ham ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, shu yildan quyidagi komissiya va kengashlar tuzilgan:

1. Xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini ta'minlash masalasida Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiya.

2. O‘zbekistonning xalqaro reyting agentliklaridagi ijobiy imijini shakllantirish ishlarini parlament darajasida muvofiqlashtirish maqsadida respublika kengashi.

«Shu yo‘nalishda davlat idoralari va mahalliy hokimliklarning mas'uliyatini oshirish uchun ishlayapmiz. Natijada O‘zbekiston 2020 yilda Meros jamg‘armasining «Iqtisodiy erkinlik» indeksida 52 pog‘onaga, Jahon bankining «Logistika samaradorligi» indeksida 19 pog‘onaga, «Biznes yuritish» indeksida 18 pog‘onaga ko‘tarildi», – ta'kidladi Senat raisi.

3. Jamiyatda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda samaradorlikni oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi.

4. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang ravishda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida parlament komissiyasi.

Parlamentda yoshlar

2020 yilda Oliy Majlisning har ikkala palatasi huzurida yoshlar parlamentlari tuzildi. Yosh deputat va senatorlar 5 yilga saylanadi. Ikkala parlament qarorlari ham tavsiyaviy xarakterda bo‘ladi.

14 ming chiqish

Oliy Majlis Senati raisi hisobotining so‘nggi yo‘nalishi sifatida OAV bilan hamkorlik masalasi haqida gapirdi.

«O‘tib borayotgan yilda senatorlar matbuot, televideniye, radio va ijtimoiy tarmoqlar orqali 14 mingdan ziyod marta chiqish qildi. Bu amaliyotni xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyatiga ham joriy etish maqsadga muvofiq bo‘lardi», – deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top