16:46 / 24.12.2020
10670
Yunusobodda yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan ma'lumot berdi.

Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakillari bilan hamkorlikda, Toshkent shahar Yunusobod tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir davomida Yunusoboddagi xonadonlarning biri xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, uyda fuqaro X.X. tomonidan muqaddam yashirin sexlarda tayyorlanib olib kelinib, keyinchalik qadoqlab qayta sotish maqsadida tayyorlab qo‘yilgan, umumiy qiymati 294,3 million so‘mlik, qadoqsiz holdagi 153 kg tabletkalar, 166 dona qutida 9960 qutida «ZINC+ vitamin S» nomli dori vositalari, 24 qutida «Magniy B6» nomli dori vositalari hamda 70 000 dona «ZINC+ vitamin S» nomli etiketkalari noqonuniy saqlab kelinayotgani aniqlandi.

32 640 dona pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.M. boshqaruvidagi «Lacetti» to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomashina salonida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, noqonuniy sotish maqsadida olib ketilayotgan 19 200 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.

Yana bir holatda Navoiy shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.Sh. o‘ziga tegishli bo‘lgan 13 440 dona pirotexnika vositalarini noqonuniy tarzda sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

«Isuzu»lardagi qing‘ir rejalar fosh bo‘ldi

Toshkent viloyati bojxonachilari Ohangaron tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Fuqaro M.N. boshqaruvidagi «Isuzu» rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashina yukxonasida bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 74,2 million so‘mlik 21 420 dona cho‘g‘lanma lampalar borligi ma'lum bo‘ldi.

Boshqa bir tezkor tadbir viloyatning O‘rta Chirchiq tumanida o‘tkazildi.

Fuqaro T.B. boshqaruvidagi «Isuzu» rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganida, uning yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 56,9 million so‘mlik 237 dona har xil turdagi elektroplita tovarlari yashirilgani aniqlandi.

Salkam 563 million so‘mlik bojxona to‘lovlarining davlat budjetiga undirilmay qolinishining oldi olindi

«Chuqursoy» TIF bojxona postiga O‘zbekistondagi MChJlardan birining nomiga xorijdan olib kelingan suv qizdirgich, plastmassa quvurlarni qotirish uskunasi va suv jo‘mraklarini rasmiylashtirish uchun elektron taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyasi va yuk kuzatuv hujjatlari asosida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Tekshiruv davomida tovarlarga tegishli elektron va qog‘oz hujjatlarda tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklatura kodi va og‘irligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar o‘rtasida tafovut borligi aniqlandi.

Natijada, davlat budjetiga undirilishi lozim bo‘lgan 562,8 million so‘mlik bojxona to‘lovlarining undirilmay qolinishining oldi olindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top