12:28 / 25.12.2020
50649
1 yanvardan Toshkentda yo‘lkiraga naqd pulda haq to‘lab bo‘lmaydi. Nega?

2021 yilning 1 yanvaridan boshlab Toshkent shahrida jamoat transportlaridan foydalanganda naqd pul orqali to‘lov qilish tizimi bekor qilinadi. Buning o‘rniga faqatgina yagona transport kartasi orqali to‘lov amalga oshirilishi joriy qilinmoqda. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ tomonidan rasmiy ma'lumot tarqatilgan.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashish uchun yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilangan. Shunga muvofiq, to‘lov tizimlarida axborot-texnologiyalar yutug‘idan foydalanish talabi mavjud. Bu yaxshi.

O‘z navbatida, hukumatning 2019 yil 25 noyabrda qabul qilgan qarori hamda 2020 yil 9 noyabrdagi qarorida ham yo‘l haqini naqd pulda to‘lashni istisno qilgan holda yangi tizimni (transport kartasi) va tarif rejalarini qo‘llash nazarda tutilmagan.

Fuqarolik kodeksining 358-moddasiga muvofiq, tovarlar, ishlar va xizmatlarning bahosi, shuningdek, ommaviy shartnomaning boshqa shartlari hamma iste'molchilar uchun bir xil qilib belgilanadi.

Aholi qo‘lida foydalanilmagan avtobus va metropoliten jyetonlari ham mavjud (aksariyatida ulardan 2020 yil 31 dekabrgacha ham foydalanib bo‘lmaslik ehtimoli yuqori), shuningdek, yo‘l haqini naqd pulda to‘lashni istisno qilish jamoat transportidan bir martalik yoki vaqti-vaqti bilan foydalanadigan fuqarolar, xorijiy mehmonlar va qariyalar uchun noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin. Kartaning tashabbuskorlari bu haqda lom-mim demagan.

«Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga asosan iste'molchi tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash huquqiga ega. Shuningdek, xizmat ko‘rsatishni taqiqlab qo‘yish munosabati bilan iste'molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

Ana endi haqli savollar paydo bo‘lmoqda: nega aholi qo‘lida qolib ketgan transport jyetonlarini cheklanmagan miqdorda ishlatish mumkin emas? Axir jyeton endi sotilmaydi, aholi qo‘lidagi jyeton ham qachondir tugaydi, joylarda jyeton sotilmayapti. Yo‘lovchilar o‘z ixtiyorida qolgan jyetondan foydalana olishi kerak emasmi?

Qolaversa, 1 dekabrdan boshlab «Avtomatlashtirilgan transport to‘lov operatori» kompaniyasi tomonidan yagona transport kartasini 5000 so‘m narxida sotish aksiyasi tugatildi. Jamoat transportiga juda kam murojaat qiladigan yo‘lovchi ushbu kartani endi 10 ming so‘mga sotib olishi, balansida 5 ming saqlashi lozim. Avtobusga bir marta chiqishning xarajatlari qanchaga yetib boryapti?

2020 yilning 11 oyi yakuni bo‘yicha taqdim etilgan ma'lumotda 128ta yo‘nalish bo‘yicha jami yo‘lovchilar soni 7 milliondan oshgani e'tirof etilgan. Tasavvur qiling, ularning birortasida karta bo‘lmasa, avtobusga yaqinlasha olmaydi. Demak, karta sotilish va uning hisobini to‘ldirish imkoniyati har bir bekatda bo‘ladimi? Bu mantiqsizlik bir haftadan so‘ng joriy etiladi va barchasini kuzatamiz.

Alisher Ro‘zioxunov

Top