12:17 / 25.12.2020
2089
Andijonda sambo bo‘yicha O‘zbekiston chempionati boshlandi

24 dekabr kuni Andijon shahridagi suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida sambo bo‘yicha 2002-2003 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar (qizlar) hamda 2004-2005 yillarda tug‘ilgan kadetlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatiga start berildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, chempionatda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan kelgan 427 nafar sambochilar g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Musobaqaning ochilish marosimida O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi prezidenti Alisher Alimov, assotsiatsiyaning viloyat bo‘limi boshlig‘i Shavkatbek Nishonov, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov so‘zga chiqishdi.

«Respublika miqyosidagi bunday nufuzli musobaqalarning viloyatlarda o‘tkazilishi yoshlar orasida sportni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi. Andijonda tashkil etilgan mazkur chempionat ham viloyatdagi sport muxlislarida, ayniqsa, yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Umid qilamizki, musobaqa ishtirokchilari orasidan kelajakda jahon chempionatlarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qiladigan chempionlar yetishib chiqadi», deydi Shavkatbek Nishonov.

Chempionat 26 dekabrga qadar davom etadi.

Top