08:35 / 25.12.2020
3704

Bosh vazir o‘rinbosari «Al-Buxoriy» xalqaro telekanalini ochishni taklif qildi

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ziyorat turizmini rivojlantirish hamda ushbu yo‘nalishdagi mutaxassislarni tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirni prezident maslahatchisi, Xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov va bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ochib berdi. 

“2018-2019 yillarda vizasiz rejim joriy etilgan Indoneziyadan tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi - 170 foizga, Malayziyadan - 158 foizga, Turkiyadan – 154 foizga, BAAdan keluvchi musulmon sayyohlar soni 153 foizga oshdi. Shunisi diqqatga sazovorki, “Jahon musulmon sayyohlari indeksi” (Global Muslim Travel Index) reytingida O‘zbekiston 10 pog‘ona (32-o‘rindan 22-o‘ringa) yuqorilab, Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlar orasida musulmon sayyohlarni jalb qilayotgan “eng jozibador” hamda “xavfsizlik va bag‘rikenglik darajasi yuqori” bo‘lgan 10 mamlakat qatoridan o‘rin oldi. Shu bilan birga, mamlakatimiz “Halal Travel Frontier 2020” hisobotida islomiy merosni qayta tiklash orqali musulmonlar turizmi bozorida yangi trendga asos solgan mamlakat sifatida e'tirof etildi”, - dedi Aziz Abduhakimov. 

Aziz Abduhakimov “Al-Buxoriy” xalqaro sputnik telekanalini ochish va unda musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan mamlakatlar tillarida O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini namoyish qilib, targ‘ibot kampaniyasini kuchaytirish, shuningdek innovatsion muzey hamda Ziyorat turizmi markazi tashkil qilishni taklif etdi. 

Tadbir yakuniga ko‘ra, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. 

Top