12:22 / 25.12.2020
35040
Jizzaxda 2 milliard so‘mlik davlat buyurtmasini bajargan korxona viloyat hokimining farzandiga tegishli bo‘lishi mumkin

Jizzax shahrini ko‘rkam qiyofaga keltirish va gullar ekish bo‘yicha 2 milliard so‘mdan ortiq ikkita davlat buyurtmasini qo‘lga kiritgan korxona viloyat hokimining qiziga qarashli bo‘lishi mumkin.

Jizzax viloyati hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi 2020 yil noyabr oyida Jizzax shahri ko‘chalarini ko‘rkam qiyofaga keltirish va obodonlashtirish maqsadida Sharof Rashidov ko‘chasiga manzarali daraxtlar va mavsumiy gullar ekish uchun buyurtmachilarni tanlab olish maqsadida tanlov e'lon qilgan.

Qariyb 1 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini «My Flower» MChJ yutgan.

Mablag‘lar viloyat hokimi Soliyev Ergash Alibekovich farmoyishi bilan mahalliy budjetning oshirib bajarilgan qismidan ajratilgan.

«My Flower» MChJ 2020 yilning fevral oyida ham Jizzax shahri ko‘chalariga mavsumiy gullar ekish obekti bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda ham pudratchi sifatida g‘olib bo‘lgan. Loyiha qiymati – 1 mlrd 69 mln so‘m.

Telegram'dagi «davletovuz» kanalining yozishicha, «My Flower» MChJ 2019 yil may oyida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, uning 50,80 foiz ulushiga Soliyeva Nargiza Ergashevna, 49,20 foiziga esa Xolmo‘minov Zohidjon Xolmurod o‘g‘li egalik qiladi. Korxona gullar va ularning urug‘larini yetishtirish bilan shug‘ullanadi.

«Bizda tasodiflar bo‘lmaydi. Budjet puli sarfi hokimlarning qo‘lida. Hokimlar esa kimgadir ota, aka, uka, o‘g‘il. Pul va qarindoshning begonasi bo‘lmaydi», – deya ta'kidlaydi bloger.

Kun.uz yuqoridagi korxona ta'sischilaridan biri viloyat hokimining qizi ekani yoki unday emasligiga aniqlik kiritish maqsadida Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati bilan bog‘landi. Hokimlik vakili Kun.uz so‘roviga javob berilishini bildirdi.

Top