22:35 / 25.12.2020
10426

Lukashenko Belarusga Ukraina orqali “tonnalab” qurol olib kirilganini aytdi

Belarus prezidentining ta'kidlashicha, endi Ukraina bilan chegaradan sichqon ham o‘tolmaydi.

Foto: president.gov.by

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat hududiga Ukraina orqali tonnalab qurol olib kirgan terrorchilar qo‘lga olinganini aytdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus maxsus xizmatlari Nikolay Avtuxovichning “terrorchi guruhi”ni qo‘lga olgan. Lukashenkoning ta'kidlashicha, ular butun Belarus bo‘ylab teraktlar tayyorlagan.

“Yaqinda Avtuxovichning guruhini qo‘lga tushirdik. Ablahlar. Hozirda ularning barcha yo‘llarini fosh qildik. Ular Ukraina orqali tonnalab qurol tashigan. Butun mamlakat bo‘ylab teraktlar tayyorlagan va amalga oshirishni boshlagan. O‘zlari yonishdi. Chekistlar bu operatsiyani militsiya bilan birgalikda o‘tkazdi. Barakalla! Xudoga shukr, ular ushlandi”, – dedi Lukashenko.

Uning ishontirishicha, chegara qattiq nazoratga olingan.

“Yana bir nechta guruhchalar bor. O‘zlarining ikki-uchta odamini bizga jo‘natishadi. Ukraina orqali. Polsha, Litva orqali qiyin – chegarani butkul yopdik. Hozirda Ukraina bilan chegarani ham yopdik, sichqon ham o‘tolmaydi. Ba'zan Rossiya orqali kirishadi, chegaramiz yo‘q. Ammo avvalgidek emas. Bu masalani qat'iy nazoratga olganmiz”, – dedi Belarus prezidenti.

Mavzuga oid
Top