08:16 / 25.12.2020
4602

O‘zbekiston va Qirg‘izistonning yirik shaharlari o‘rtasida xalqaro avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish imkoniyati ko‘rib chiqilyapti

Shu yilning 24 dekabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Qirg‘iziston bosh vaziri vazifasini bajaruvchisi, bosh vazir birinchi o‘rinbosari Artyom Novikov bilan videokonferensiya shaklida kengaytirilgan muzokaralar o‘tkazdi. 

Kun tartibining asosiy mavzusi sifatida alohida yo‘nalishlar bo‘yicha avval tuzilgan qo‘shma ishchi guruhlar doirasida savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport kommunikatsiyalari va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda 8 dekabr kuni Farg‘onada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chegara hududlari rahbarlari va Qirg‘iziston hukumatining chegara hududlaridagi vakolatli vakillari kengashining 3-yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan vazirlik va idoralari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Tomonlar tezkorlik bilan o‘rganishni talab etuvchi aniq masalalarni ko‘rib chiqdi va ularni zudlik bilan hal etish mexanizmlarini ishlab chiqdi.

Muloqot chog‘ida transport, logistika sohasida strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashning ustuvorligi ta'kidlandi. Havo tashuvlarining qayta tiklanishi ijobiy baholanib, O‘zbekiston va Qirg‘iziston yirik shaharlari o‘rtasida xalqaro avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, transport sohasidagi qator loyihalar bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish, jumladan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘l yo‘lagini yaratish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid
Top