09:49 / 25.12.2020
7811

Prokuratura: «Urganch tumani mansabdor shaxslari davlatga 8,08 mlrd so‘m zarar yetkazgan»

Urganch tumani hokimligi, tumanning arxitektura va yer resurslari bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi va 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: KUN.UZ

«Urganch tumanida issiqxona uchun ajratilgan yerda noqonuniy uy-joylar qurilmoqda» tanqidiy maqolasiga Xorazm viloyati prokuraturasi munosabat bildirdi.

Xorazm viloyat prokuraturasi tomonidan tegishli mutaxassislar ishtirokida tekshirish o‘tkazilganda, Urganch tumani hokimligi, tumanning Arxitektura va yer resurslari bo‘limi mansabdor shaxslari o‘z mansab vakolatlarini suiiste'mol qilgani, hamda o‘z vazifalariga loqayd munosabatda bo‘lgani oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilganligi aniqlangan.

«Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, Yer kodeksining 3-, 8- va 34-moddalari talablariga zid ravishda, o‘zboshimchalik bilan, noqonuniy ravishda, bosh reja loyihasi va tegishli tashkilotlarning ruxsatisiz Urganch tumani hokimining qarorlariga ko‘ra, Sh.Davletovga Chakkasholikor qishlog‘i hududida «Yengil tipdagi issiqxona» qurish uchun 1 gektar, shuningdek, D.Iskandarovga «Yengil tipdagi issiqxona» qurish uchun 0,6 gektar, X.Xudayberganovga tuman hokimining «Parrandachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan fermaxona qurish uchun yer maydoni ajratish haqida»gi qaroriga o‘zgartirish kiritilib, Chakkasholikor qishlog‘ida «Savdo va maishiy xizmat shoxobchasi» qurish uchun 0,5 gektar, M.Sultonovaga tuman hokimining G‘oybu qishlog‘i hududidan «Choyxona, ofis va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi» qurish uchun yer maydoni ajratish haqidagi qaroriga o‘zgartirish kiritilib, Chakkasholikor qishlog‘i hududidan «Choyxona, ofis, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi» qurish uchun 0,39 gektar, B.Davletovga Chakkasholikor qishlog‘i hududida «Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi» binosi qurish uchun 0,35 gektar yer maydoni ajratib berilgan.

Umumiy hisobda 5 ta holatda yer ajratishda amaldagi tartibni chetlab o‘tgan holda 2,8 gektar suvli, ekin yerlari noturar va turar joy qurilishlarga ajratib berib yuborilgan. 9 ta holatda 6,91 gektar ekin yer maydonlari fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, uy-joy va boshqa noqonuniy qurilmalar qurilishiga sababchi bo‘lib, o‘z vaqtida ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmagani oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 8,08 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

19 dekabr kuni viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur holat yuzasidan Urganch tumani hokimligi, tumanning arxitektura va yer resurslari bo‘limi mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi va 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi bayonotda.

Avvalroq, Kadastr agentligining Xorazm viloyati boshqarmasi ekin yer maydoni «Yengil tipdagi issiqxona» qurish uchun ajratilganida, Urganch tumani hokimligi tomonidan ekin yerining holati (toifasi, ball boniteti, turi) yuzasidan tegishli xulosa olinmagani haqida bayonot bergan edi.

Top