09:34 / 25.12.2020
3009
Tokio bahsli orollar yaqinidagi mashg‘ulotlar sababli Seulga norozilik bildirdi  
Foto: Reuters

Yaponiya hukumati Yapon dengizidagi Takesima (Tokto) orollarida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi sababli Janubiy Koreyaga norozilik bildirdi. Ushbu orollarga Yaponiya da'vogarlik qiladi.

“Takesima orollari tarixan va xalqaro huquq nuqtayi nazaridan Yaponiyaning azaliy hududi hisoblanadi. Biz bunday harakatlarni nomaqbul deb hisoblaymiz va shu sababli Janubiy Koreyaga norozilik bildiramiz”, deb aytgan Yaponiya hukumati bosh kotibi Katsunobu Kato.   

25 dekabrda Yonhap axborot agentligi mashg‘ulotlar Janubiy Koreya harbiy-dengiz kuchlari va sohilbo‘yi qo‘riqlash kuchlari ishtirokida 4 dekabrda o‘tganini ma'lum qilgan.   

Takesima orollari Tokio va Seul o‘rtasidagi bahs sababi hisoblanadi. Yaponiyaning ta'kidlashicha, Janubiy Koreya Yaponiya imperiyasi tarkibiga 1905 yilda kiritilgan bu hududlarni bosib olgan. O‘z navbatida Janubiy Koreya va Shimoliy Koreyaning ta'kidlashicha, ushbu orollar azaldan koreys davlati tarkibiga kirgan. Hozirda orollar Janubiy Koreya armiyasi tomonidan nazorat qilinadi.       

Top