11:44 / 25.12.2020
32229

Xorazmdagi bank rahbarlari lavozimidan bo‘shatildi

Prezident tashrifidan so‘ng, Xorazm viloyatida faoliyat yurituvchi bank rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Davlat ulushiga ega yirik tijorat banklarning Xorazm viloyati boshqarmalari ish yurituvchilari egallab turgan lavozimidan bo‘shatildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, bank rahbarlarining faoliyati davlat rahbari tomonidan tanqidga uchragan va ularga oilaviy tadbirkorlik masalasida sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani uchun tanbeh berilgan.

«Bank rahbarlari egallab turgan lavozimidan bo‘shatilgan va ushbu lavozim vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Kelgusi 3 oy davomida rahbarlar uchun sinov davri bo‘ladi. Shundan keyin mahalliy deputatlar kengashida masala muhokama qilinishi kutilmoqda», — deydi Kun.uz’ning Markaziy bankdagi manbasi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 12-13 dekabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifidan keyin viloyatdagi ikki shahar va ikki tumanda yangi rahbarlar ish boshladi. Shuningdek, Sirdaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xorazm viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi.

Bundan tashqari, viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari ham o‘zgargan.

Top