15:45 / 26.12.2020
6510
EPSILON (EDC): O‘zbekiston gaz yetkazish infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda

Kompaniya gaz yetkazish infratuzilmasini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlarini jadallik bilan davom ettirmoqda.

Xususan, Jizzax viloyatida «BGR-TBA-A» gaz quvurining 262-311 km oralig‘i, I-qatorida mukammal ta'mirlash ishlari yakunlangan. Qashqadaryo viloyatida ham «Kelif-Muborak» gaz quvurini mukammal ta'mirlash ishlari o‘z nihoyasiga yetgan bo‘lib, hozirda uni gidro-sinovdan o‘tkazish ishlari boshlangan.

Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida esa umumiy uzunligi 60,2 km ni tashkil etgan «Muborak-Zirabuloq» (BGH-TBA), «DBST», «Kelif-Muborak» hamda «BGH-TBA-A» magistral gaz quvurlarining tegishli qismlarini mukammal ta'mirlash ishlari tun-u kun tartibida davom ettirilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahri, Sergeli tumanidagi Toshkent xalqa va aylanma avtomobil yo‘llari kesishmasida «Hududgazta'minot» AJga qarashli 8 km lik gaz quvurini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi. 

Bundan tashqari, Farg‘ona vodiysi iste'molchilarini tabiiy gaz bilan barqaror ta'minlash maqsadida «Ohangaron-Pungan» magistral gaz quvurining yuqori tog‘ qismidan o‘tuvchi maydonida aylanma gaz o‘tkazish tarmog‘i (luping) qurilishi davom ettirilmoqda. 

26 dekabr holatiga ko‘ra, jami:

  • tog‘ hududida gaz quvurlari yotqiziladigan yo‘nalishni tayyorlash – 10,1 km;
  • yo‘nalishlar bo‘yicha olib kelingan quvurlar – 43,6 km;
  • qazilgan zovurlar – 22,4 km;
  • qatorga payvandlangan quvurlar – 32,4 km;
  • yotqizilgan gaz quvurlari – 20 km ni tashkil etdi.

Mazkur ishlarning hayotga tatbiq etilishi – O‘zbekiston gaz yetkazish tizimi ishonchliligini mustahkamlab, modernizatsiya qilinayotgan quvurlarning o‘tkazuvchanlik quvvatini kunlik 67 mln kub. m dan 72 mln kub. m gacha oshiradi.

Barcha ishlar o‘rnatilgan sanitariya-epidemiologiya va ekologiya talablariga muvofiq tarzda bajarilmoqda.

Epsilon Matbuot xizmati

Top