14:15 / 26.12.2020
11135
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda fidoyilik ko‘rsatgan 357 nafar kishi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi

Sog‘liqni saqlash vazirligida 2020 yil davomida tibbiyot xodimlariga prezidentning tegishli farmonlari bilan berilgan davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar qilmoqda.

Marosimda ta'kidlanganidek, yakunlanayotgan 2020 yil koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan pandemiya sharoiti tufayli butun insoniyat, xususan, xalqimiz uchun og‘ir, sinovli yil bo‘ldi. 

“Ayniqsa, aholi salomatligini ta'minlashga mas'ul bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, shifokor va hamshiralarimiz, sanitariya vakillaridan fidoyilik, kasbi va qasamyodiga sadoqat ko‘rsatishi, mashaqqatli mehnat qilishi talab qilindi. Yurtimizdagi barcha tibbiyot xodimlari ushbu chorlovga labbay deb javob berib, hech ikkilanmasdan o‘z hayoti, jonidan kechib, yaqinlari, oila-a'zolari hayotini tahlikaga qo‘yib virusga qarshi mardonavor kurashga, xalq dardiga malham bo‘lishga chog‘landi.

Ushbu og‘ir davrlarda o‘z fidoyiligi, mashaqqatli mehnati bilan namuna ko‘rsatgan turli soha xodimlari munosib rag‘batlantirildi. Ular orasida tibbiyot xodimlar eng salmoqli o‘rin egallagani qayd etildi”, — deyiladi xabarda.

Joriy yil O‘zbekiston prezidentining 23 iyuldagi “Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2020 yil 27 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligi munosabati bilan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan tibbiyot sohasi xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan 357 nafar fidoyi fuqarolar taqdirlandi. 

Ular orasida 269 nafari Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan tibbiyot sohasi mutaxassislaridir. Mukofotlanganlar orasida 200 nafari shifokor, 69 nafari esa o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari hisoblanadi.

Shuningdek, tadbirda o‘tib borayotgan yil nafaqat tibbiyot xodimlari uchun og‘ir kechgani, shu bilan birga, rivojlanish, islohot va o‘zgarishlar yili bo‘lgani haqida so‘z bordi. Ushbu davrda parallel ravishda tibbiyot sohasi islohotlari, zamonaviy tibbiy inshootlarni bunyod etish ishlari ham izchil davom ettirildi. Jumladan, shu yilning o‘zida 200ga yaqin tibbiyot muassasasi bunyod etildi.

Ular orasida poytaxtda qad rostlagan qiymati 130 million dollardan ziyod bo‘lgan Bolalar milliy tibbiyot markazi, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda Chilonzor tumanida qurilgan Ikkinchi perinatal markazi kabi zamonaviy tibbiyot muassasalariga alohida urg‘u berildi. 

Tadbir so‘ngida prezident farmoniga ko‘ra berilgan davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi. 

Top