20:13 / 26.12.2020
3397
NamDU rektori yil yakuni bo‘yicha hisobot berdi. Universitetda tibbiyot yo‘nalishi ham ochilishi mumkin
Foto: NamDU

Namangan davlat universitetida «Ta'lim tizimidagi islohotlar: Farmon va qarorlar ijrosi»mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Namangan davlat universiteti rektori Sobitxon Turg‘unov 2020 yilda universitetda amalga oshirilgan ishlar va yangi rejalar yuzasidan hisobot berib, jurnalist va blogerlarning savollariga javob qaytardi.

Ma'lumot uchun, Namangan davlat universiteti respublikadagi nufuzli universitetlardan biri. Hozir universitetda 18 ta fakultet, 40 ta kafedra, 1 ta boshqarma, 3 ta markaz faoliyat olib bormoqda. Ayni paytda 18ming 786 nafar talaba 52 ta ta'lim yo‘nalishi va 25 ta magistratura mutaxassisliklari mavjud.  

Sobitxon Turg‘unovning matbuot anjumanida ma'lum qilishicha, 2020-2021 o‘quv yilida kunduzgi ta'limda yangi yurisprudensiya, biotexnologiya, mevachilik va uzumchilik, sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik hamda issiqxona xo‘jaligini tashkil etish va yuritish nomli yangi yo‘nalishlar ochilgan.

«Ochilgan yangi yo‘nalishlar esa sirtqi ta'limda quyidagilar: filologiya va tillarni o‘qitish: (rus tili), matematika va geografiya kabi yangi yo‘nalishlar ochildi», – dedi u.

Rektorga ko‘ra, joriy o‘quv yilida ilk bor matematika, fizika, mutaxassisliklari bo‘yicha 30 nafar, amaliy matematika, biologiya, kimyo, geografiya mutaxassisliklari bo‘yicha 10 nafar iqtidorli yoshlar to‘liq davlat granti asosida magistraturaga qabul qilingan.

«Universitet o‘qituvchilari xalqaro ilmiy konferensiyalarda faol qatnashmoqda. Turli xalqaro loyihalarni hayotga tatbiq etilayotgani ham quvonarli.

Jumladan, universitetda «Media markaz tashkil etish» bo‘yicha loyiha qiymati 28000 AQSh dollari deb belgilangan.  

«Akvakultura bo‘yicha o‘quv-amaliy trenajyor tashkil etish»ning loyiha qiymati esa 200.000 AQSh dollar. 

«Mahalliy dorivor o‘simliklar asosida qon bosimi va qandli diabet profilaktikasi uchun shifobaxsh ichimliklar texnologiyasini ishlab chiqish»ning loyiha qiymati 2 milliard 400 million so‘m deb belgilandi. «Dorivor o‘simliklar plantatsiyasini yaratish» ning loyiha qiymati 800 million bo‘lsa, «Noan'anaviy xomashyolardan tsukatlar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish loyihasi» 800 million so‘mni tashkil etmoqda», – dedi Turg‘unov. 

Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan rektorga murojaat qilib, javob oldi.

Rektorning matbuot anjumani davomida qo‘shimcha qilishicha, yaqin kelajakda Andijon davlat tibbiyot universiteti bilan qilinayotgan hamkorlik doirasida NamDUda ham tibbiyot yo‘nalishi ochilishi mumkin.

 «Hozir bu jarayonlar ijobiy hal bo‘lish arafasida» dedi u.

Top