20:24 / 26.12.2020
35040
Navoiyda olib tashlangan bayram «bezak»lari nima uchun va kimning hisobidan o‘rnatilgan edi?

Navoiy viloyati hokimligi binosi yoniga o‘rnatilgan bayram «bezak»lari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan kulgiga olingan va «mem»larga sabab bo‘lgan edi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, ushbu «bezak»lar bir necha kundan so‘ng olib tashlangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Shahar hokimining matbuot kotibi Otabek Aslonov ushbu bezaklar Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan o‘rnatilganini aytib o‘tdi. Biroq boshqarma mas'uli bu bezaklar «Tasviriy oyna» xususiy tashkiloti tomonidan viloyat hokimligining mablag‘lari va buyurtmasi asosida o‘rnatilgani aytib, tashkilotning bunga aloqasi yo‘qligini ma'lum qildi.

Navoiy viloyati hokimligi matbuot kotibi Dilshod Mamarajabov ushbu bezaklar «Tasviriy oyna» xususiy tashkiloti tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan o‘rnatilgan va mos kelmagani uchun olib tashlanganini ta'kidladi.

«Tasviriy oyna» tashkilotining mas'uli Dilmurod Mahmudov ushbu bezaklarni korxona o‘z hisobidan, reklama maqsadida o‘rnatganini bildirdi. Uning aytishicha, aslida bezaklar muzqaymoq shaklida bo‘lishi kerak bo‘lgan.

“Muzqaymoq shaklidagi haykalning o‘rta qismida elektr energiyasiga ulangan temir ustun bo‘lib, uning qolgan qismlari keyinroq olib kelib o‘rnatilishi kerak edi.

Unga qadar elektr energiyasiga ulangan ustunlarga yomg‘ir zarar yetkazmasligi uchun tselofon bilan ustidan yopib turilgan. Ana shu vaqtda kimdir bezaklarni rasmga olib, noto‘g‘ri talqin qilib internetga chiqarib yubordi. Natijada buni olib tashlashga majbur bo‘ldik», – deydi u.

Dilmurod Mahmudov ushbu bezaklar qanchaga tushganini ochiqlay olmadi. Uning bildirishicha, bugungi kunda konstruksiyalar «Tasviriy oyna» tashkilotining hovlisiga o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Top