14:19 / 26.12.2020
12931

Popdagi vayrona bozor oldidagi yoymachilar nega yangi bozorga ko‘chishni istashmayapti?

Yaxshi sharoit va tartibli rastalar nafaqat sotuvchilar, balki xaridorlar uchun ham qulay. Lekin sotuvchilarning ko‘chada o‘zboshimchalik bilan noqonuniy savdo rastalarini yoyib olishiga nima sabab bo‘lmoqda? Yoki Pop shahrida ularni qoniqtiradigan savdo maydonlari yo‘qmi?

Bundan ikki yil avval Pop tumanining Uch uyli mahallasi hududida tadbirkor tomonidan 48 mlrd mablag‘ evaziga zamonaviy savdo majmuasi va ekopark barpo qilingan edi. «Pop Baraka bozori» aholiga kunlik va haftaning har yakshanba kuni xizmat ko‘rsatib keladi.

Mazkur hududda hozirda 322 ta savdo do‘koni, 18 ta go‘sht do‘koni, 250 ta usti yopiq savdo rastasi, 1000 ta haftalik savdo qiluvchilar uchun o‘rinlar, 12 ta sut va sut mahsulotlari bilan savdo qilish uchun rastalar, 10 ta oshxona, zamonaviy pavilon ichida 176 ta savdo rastasi, 40 o‘rinli zamonaviy mehmonxona, 2 ta namozxona, 600 o‘rinli avtoturargoh, 2 ta 16 o‘rinli hojatxona, avtostansiya va bank binosi aholiga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, u yerda 3,5 mlrd mablag‘ evaziga Pop tuman davlat xizmatlari markazi qurilib, xalq xizmatiga topshirilgan.

Barcha qulayliklarga ega ushbu savdo markaziga tuman aholisi uchun bepul avtobuslar qatnovi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Bozor hududida faoliyat olib borayotgan tadbirkor fuqarolarni esa mahalliy xalq tilida aytganda, «Yangi bozor» – «Pop Baraka bozori» hududiga ko‘chirish bo‘yicha tuman hokimining 2019 yil 24 maydagi 89-F sonli, 2020 yil 22 dekabrdagi 196-F sonli farmoyishlari qabul qilingan va ijro bo‘yicha viloyat va tuman rahbarlari hamda mutasaddilari ishtirokida tadbirkor fuqarolarga bir necha marotaba davomiy ravishda tushuntirish ishlari olib borilgan.

Lekin tushuntirish ishlariga qaramay, mana ikki yildirki, yaroqsiz holatga kelib qolgan eski bozor hududida savdo qiluvchi ayrim sotuvchilar haligacha yangi bozorga ko‘chib o‘tishni istashmayapti.

Ularning aytishicha, yangi bozor shahar hududidan 1–2 km uzoqroqda joylashgan, qolaversa, yo‘lovchi taksilarning bekati ham aynan mana shu eski bozorga yaqin ekan. Shu sababli xaridorlar eski bozordan savdo qilishga odatlanib qolishgan ekan. Vaziyatni o‘rganish maqsadida sotuvchi va xaridorlar fikrini o‘rgandik.

Aslida, bu eski bozor muassislari bilan tuman hokimligi o‘rtasida tuzilgan yer ijara shartnomasi bekor qilinib, foydalanuvida bo‘lgan 0,87 ga yer maydoni tuman hokimligi zaxira yer fondi hisobiga qaytarilgan. 

Ma'lumot uchun, Pop shahar markazidagi sobiq «Pop dehqon bozori» va uning tutash hududida ijtimoiy soha obektlari, aholiga savdo va maishiy sohada xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ko‘p qavatli zamonaviy turar joy binolari, bolalar bog‘chasi qurilib, 150 ta ishchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

«Mega Sport Club» MChJ tomonidan kiritilgan loyiha taklifida sobiq «Pop Dehqon bozori»ga tutash hududda joylashgan savdo do‘konlari egalarining huquq va manfaatlarini himoya qilgan holda ular bilan kelishuvga erishish maqsadida 3 ta kelishuv taklifi berilgan, ya'ni:

·       ularga tegishli bo‘lgan savdo do‘konlarini xususiy baholovchilar tomonidan baholangan summasini to‘liq to‘lab berish;

·       hozirda foydalanib kelayotgan savdo do‘koni o‘rnida teng qiymatda yangi zamonaviy do‘kon qurib berish;

·       ularning do‘konlari o‘rnida yangi do‘konni qurib bitkazgunga qadar «Pop savdo markazi» MChJda mavjud yangi qurilgan do‘konlardan bepul asosda berish.

«Pop Baraka bozori» MChJ rahbari Rustam Mirzaxolovning ta'kidlashicha, hozirda sobiq dehqon bozoridan kelgan barcha savdogarlar va sotuvchilar uchun joy ajratish va zarur sharoitlarni yaratib berish ishlari olib borilmoqda.

O‘ylaymizki, ushbu bozor sotuvchilar uchun ham xaridorlar uchun ham birdek manfaatli bo‘ladi.

P.S. Lavhamiz tayyor bo‘lib, e'lon qilinish jarayonida eski bozor hududidagi savdogarlar tushuntirish ishlaridan so‘ng yangi bozor hududiga ko‘chib o‘tgan. Bu haqida bizga tuman hokimligi axborot xizmati ma'lum qildi.

Yulduzxon Yuldasheva, Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top