10:24 / 26.12.2020
16157

«Yoshlar - kelajagimiz» jamg‘armasi kelasi yildan imtiyozli kredit ajratmaydi» - Moliya vazirligi

Moliya vaziri o‘rinbosari yoshlarning imtiyozli kredit olishdagi qiyinchiliklari yuzasidan fikr bildirdi. Shuningdek, «Yoshlar - kelajagimiz» jamg‘armasi 2021 yildan imtiyozli kreditlar ajratmasligi ma'lum bo‘ldi.

2021 yildan e'tiroban, yoshlarning tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilmaydi. Bu haqda Moliya vazirligi binosida o‘tkazilgan Senat qo‘mita yig‘ilishida Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev ma'lumot berdi.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, kelgusida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali bank stavkalarini kompensatsiya qilib berish mexanizmiga ko‘proq e'tibor qaratiladi.

«Har doim imtiyozli kreditlar samarali bo‘ladi. Biroq uni kimlarga berish kerak, degan masalada har doim ham shaffof yo‘l tutishning imkoni yo‘q.

Shu sababli Markaziy bank bilan kelishgan holda, imtiyozli kreditlardan qochib, undan ko‘ra, aniq benefitsiarlari bo‘lgan holda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali bank stavkalarini kompensatsiya qilib berish mexanizmiga ko‘proq e'tibor qaratilmoqda.

Bu bilan «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi pullari yo‘qolib qolmaydi. Yoshlar agentligining boshqa tadbirlari bor. «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tomonidan o‘tkaziladigan kitobxonlik, sport tadbirlari, yoshlar bilan bog‘liq barcha tadbirlar mablag‘lari Yoshlar agentligida saqlanib qolgan. Faqat kredit berish siyosati Markaziy bankka o‘tgan» – deydi Jamshid Abruyev.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yili 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Yoshlar ittifoqi tashkiloti muammolariga to‘xtalib, Yoshlar ittifoqi negizida Yoshlar ishlari agentligi tashkil etish tashabbusini ilgari surgandi.

Shundan so‘ng, davlat rahbari mutasaddilarga Yoshlar Ittifoqi negizida Yoshlar ishlari agentligini tashkil etish, «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif kiritish topshirig‘ini bergandi.

Top