17:08 / 27.12.2020
11194
Google va boshqa IT-gigantlarga qanday ishga kirish mumkin? O‘zbek dasturchisi tavsiyalari

«O‘zingizdagi qobiliyatlarga yaxshi baho berish, lekin izlanishdan ham to‘xtab qolmaslik kerak. Men bu kompaniyalarda ishga munosib emasman deb o‘ylamaslik kerak. O‘qish davrida ham hujjatlarni topshiraverish kerak».

Darxonbek Mamataliyev 23 yoshda. U 2015–2019 yillarda Toshkentdagi Inha universitetida o‘qigan. Hozirda xalqaro UBER kompaniyasi IOS dasturchi-injyeneri bo‘lib ishlamoqda.

Darxonbek «Osmondagi bolalar» loyihasiga bergan intervyusidan dasturchilikka qanday kirib kelgani va UBER'ga ishga kirish jarayoni haqidagi fikrlarini taqdim etgan edik. Intervyuning 2-qismida yirik kompaniyalarga ishga kirish jarayoni qanday bo‘lishi, yaxshi ish beruvchilarning nazariga tushish uchun nimalar qilish kerakligi haqida so‘z boradi.

«Ishonchsizlikni yenga olish kerak»

— Inhada o‘qiganimdan afsuslangan paytlarim ham bo‘lgan. Ketgan pulimga, ta'lim sifatiga ba'zida afsuslanganman. Bora-bora menga buning farqi bo‘lmay qolgan. Chunki Inhada olgan asosiy narsam – netvork, ya'ni tanishlar va do‘stlar bo‘lgan. Bu menga keyinchalik ham katta yordam bergan.

Diplomim hozir Inhada yotibdi, hali uni olganim yo‘q. UBER'ga ishga kirish uchun diplom kerak bo‘lmadi, so‘rashmadi.

Hozirgacha Google, Amazon, Facebook, Apple, Robinhood, Uber, Reddit kompaniyalarida intervyudan o‘tganman. Ularning hech birida diplom to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘ralmaydi. Diploming bormi, degan savol bo‘lmaydi. Diplom rezyume to‘ldirishda o‘qish joyini ko‘rsatish uchun qo‘l kelishi mumkin. O‘qish joyingiz ko‘rsatilmasa-yu, lekin ish tajribangiz katta bo‘lsa ham, ishga kirish imkoniyati yuqori.

Hozir o‘zbekistonlik yoshlar til bilsa, ish vizasi bo‘lsa, xalqaro kompaniyalarga bemalol hujjat topshirsa bo‘ladi. Faqatgina imposter sindromini, ya'ni o‘ziga nisbatan ishonchsizlikni yenga olish kerak.

O‘zingizdagi qobiliyatlarga yaxshi baho berish, lekin izlanishdan ham to‘xtab qolmaslik kerak. Men bu kompaniyalarda ishga munosib emasman deb o‘ylamaslik kerak. O‘qish davrida ham hujjatlarni topshiraverish kerak.

Agar suhbatga chaqirishsa, men tayyor emasman, deb qo‘rqish emas, qatnashish kerak. Birinchi suhbatdan yiqilish mumkin, bu tabiiy. Lekin yiqilsangiz ham, hech kim sizni yeb qo‘ymaydi, urushmaydi.

Bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomon ssenariy – «Uzr, siz bizga to‘g‘ri kelmaysiz» degan gap. Bo‘ldi. Bu ham boshqa topshira olmaysiz degani emas. Shuning uchun urinib ko‘rishdan qo‘rqmaslik lozim.

Linkedin'dagi profil nega kerak?

— AQShda, muhandislik rivojlangan davlatlarda Linkedin platformasi juda faol ishlatiladi. Bu – professional ijtimoiy tarmoq. Istalgan professionalning Linkedin'da profili bo‘lishi shart. U pasportga o‘xshaydi.

Bu platformada istalgan mutaxassisni topsa bo‘ladi. Yirik kompaniyalarning rekruterlari aynan Linkedin'da yangi ishchilarni izlashadi. Turli filtrlar orqali izlab, mos nomzodlarni topib, profilingiz zo‘r bo‘lsa, sizga aloqaga chiqishadi.

Linkedin'dagi profilimni juda zo‘r to‘ldirganim, qoidalar bo‘yicha ishlatganim uchun Google, Amazon, Facebook'dan menga rekruterlar aloqaga chiqqan.

Linkedin'dagi profil qanday bo‘lishi kerak:

  • Albatta suratingiz bo‘lishi shart. Selfi yoki guruhda tushilgan rasm emas, professional olingan surat. Ishga asosan qanday kiyimda borsangiz, o‘sha kiyimda rasmga tushgan ma'qul. Kostyum-shim shart emas. Monoton fonda tushish kerak.
  • Ism-sharif bosh harflarda to‘g‘ri yozilishi kerak.
  • Hozir nima bilan shug‘ullanishingiz aniq yozilishi kerak. Talaba bo‘lsa, talaba, injyener bo‘lsa, qayerda ishlashingiz.
  • Ish izlayapsizmi, qanday ish izlayapsiz – qisqa yozishingiz kerak.
  • Ish tajribangiz, loyihalaringiz yoziladi. Ish tajribasini ham agar yordam bersa, yozing. Bo‘lmasa yozish kerak emas. Deylik, siz dasturchi bo‘lsangiz, qachondir restoranda ofitsiantlik qilganingizni yozish shart emas.

Ko‘nikmalar yoziladi, yutuq va sertifikatlarni ham qo‘yish kerak.

Linkedin'ning algoritmi yaxshi to‘ldirilgan profillarni qidiruvda yuqori qatorlarda chiqarib beradi.

Yirik kompaniyalarga ishga kirishning uch usuli

Yirik kompaniyalarga ishga kirishning uch yo‘li bor.

1. Kompaniyaga o‘zingiz to‘g‘ridan to‘g‘ri hujjat topshirishingiz mumkin. Lekin bu black hole, ya'ni qora tuynuk deyiladi. Qora tuynukka nima tashlasangiz yo‘q bo‘lib ketganidek, bunda rezyume tashlaysiz, yo‘q bo‘lib ketadi. Chunki bunaqa usul bilan minglab hujjatlar keladi.

Vlack hole menda bir marta ish bergan. Apple'ga 24ta pozitsiyaga ishga topshirganimda, faqatgina bittasiga uch oydan keyin javob chiqqan.

2. Gigant kompaniyalarga ishga kirish uchun eng ideal variant bu – rekruterning aloqaga chiqishi. Rekruterlar esa nomzodlarni Linkedin'dan izlashadi.

3. Referal orqali. Bunda referal berayotgan odam sizni kompaniyaga tavsiya qiladi. Rezyumengizni ko‘rib chiqishlari uchun ichki tizimga yuboradi. Referal orqali topshirganda uni rekruterlar ko‘rish ehtimoli kafolatlangan.

Ishga kirish suhbatlari qanday kechadi?

Rekruter sizga aloqaga chiqqach, u bilan telefonda suhbat bo‘ladi. Tajribangiz, qanday ish izlayotganingiz haqida so‘raydi. Va sizga kompaniya haqida, unga qanday xodim kerakligi haqida gapirib beradi. Ya'ni sizni skrining qiladi – profildagi odam sizmi-yo‘qmi, tekshiradi.

So‘ngra sizga onlayn topshiriq beriladi. 1,5 soatda to‘rtta masalani ishlash kerak. Bundan o‘ta olsangiz, rekruter sizni fon-skriningga taklif qiladi. Bunda kompaniya injyeneri bilan telefon orqali 45 daqiqalik intervyu qiladi. Siz muloqot chog‘ida hech qanday instrumentlarsiz, onlayn bloknotda aytilgan vazifalarni bajarishingiz kerak bo‘ladi.

Oxirgi bosqichda esa onsayt intervyu bo‘ladi. Bunda sizni kompaniya ofisiga taklif qilishadi. Hatto boshqa davlatda bo‘lsangiz, mehmonxona va samolyot chiptasi xarajatlarini ham qoplab berishadi.

Onsayt suhbat har biri 45 daqiqadan bo‘lgan 5–6ta kichik intervyulardan iborat. Ularda sizning psixologik holatingiz, o‘zingizni jamoada qanday tutishingiz, ishga munosabatingiz o‘rganiladi. Shuningdek, texnik ko‘nikmalaringiz ham sinovdan o‘tkaziladi. Topshiriqlar beriladi. Topshiriqni bajarish chog‘ida ham gapirib turish kerak. Chunki jamoada ish qilishda boshqa dasturchilar, xodimlar bilan gaplashishga to‘g‘ri keladi.

Rad javobini olish – normal holat

— Google, Amazon, Facebook, Apple’da suhbatlardan yiqilganman. Rezyume topshirgan joylarimdan 14 marta rad javobini olganman. Bu normal holat. Katta kompaniyaga ishga topshirganda suhbatdan yiqilish yoki rad javobini olish tabiiy. Odam qayta-qayta topshirib, tajriba to‘plab, keyin uddalashi mumkin.

Birinchi suhbatda – Amazon bilan intervyuda qiynalganman. Chunki intervyu jarayoni qanday bo‘lishini bilmaganman, dovdiraganman. Gapimda ko‘p to‘xtab qolganman, intervyuyer mendan nimani istashini bilmaganman.

Facebook'da esa onsayt suhbat bosqichigacha borganman, lekin keyin karantin bo‘lib qoldi. Apple'da esa ular xodim izlayotgan pozitsiyalar uchun mening ko‘nikmalarim mos tushmagan.

Ishga suhbatdan yiqilish bu – sen uchun barcha eshiklar yopildi degani emas. Tajribani oshirib, ko‘nikmalarni yaxshilab, yana urinib ko‘rish mumkin. Suhbatdan yiqilsangiz, 6-12 oydan keyin yana qayta hujjat topshirish mumkin.

Top