17:00 / 27.12.2020
21902
Jizzax viloyati hokimining qiziga tegishli kompaniya 1,9 mlrd so‘mlik yana bir tenderni yutib olgani ma'lum bo‘ldi

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyevning qizi Nargiza Soliyeva 50 foizdan ortiq ulushga egalik qiladigan «My Flower» kompaniyasi 2020 yilning iyunida Jizzax shahri markaziy ko‘chalarini obodonlashtirishda mavsumiy gullar va manzarali o‘simliklar ekish bo‘yicha tenderda ham g‘olib chiqqan.

2020 yil 20 iyunida bo‘lib o‘tgan tender komissiyasiga viloyat hokimining o‘rinbosari Akram Rahmonqulov raislik qilgan. Tenderda «My Flower»dan tashqari «Ishtixon Trans Servis» kompaniyasi ham qatnashgan. Komissiya viloyat hokimi qizining 1,9 milliard so‘mlik taklifini «eng ma'qul va maqsadga muvofiq» deb topgan.

Avvalroq «My Flower» viloyatning «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi tomonidan 2020 yil fevral va noyabr oylarida o‘tkazilgan, umumiy qiymati qariyb 2 milliard so‘mlik tanlovlarda ham g‘olib chiqqani haqida xabar berilgandi. Noyabrdagi tanlovda ham «My Flower»ga «Ishtixon Trans Servis» kompaniyasi raqobatchi bo‘lgan.

26 dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu holatlarni «o‘z vakolatlari doirasida o‘rganishni boshlagani», bu bo‘yicha Jizzax viloyatiga so‘rov yuborilganini ma'lum qilgandi.

Top