12:14 / 27.12.2020
26491

«Mendan ko‘ra, Jaloliddin Masharipov sovringa haqli edi». O‘FA taqdirlash marosimidan keyin Eldor Shomurodov, Ro‘ziqul Berdiyev va laureatlar fikri

 26 dekabr kuni Toshkentdagi «Zarafshon» zalida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan 2020 yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Yil davomida o‘zini ko‘rsata olgan futbolchi va murabbiylar bilan bir qatorda rasmiylar ham maxsus sovrinlar bilan taqdirlandi. «Paxtakor» klubi va O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Jaloliddin Masharipov O‘zbekistonda 2020 yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida ortiqcha deb topilgan bo‘lsa, «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev O‘zbekistonning 2020 yildagi eng yaxshi murabbiyiga aylandi.

Yil laureatlarini taqdirlash marosimidan keyin bir qator sovrindorlar va nomzodlar hamda rasmiylar Kun.uz va Tribuna.uz muxbiri savollariga javob qaytarishdi.

Eldor Shomurodov: «Mendan ko‘ra, Jaloliddin Masharipov sovringa haqli edi»

O‘FA taqdirlash marosimiga Italiyadan yetib kelgan O‘zbekiston milliy jamoasi hamda «Jyenoa» klubi forvardi Eldor Shomurodov ham «yil futbolchisi» nomiga yakuniy da'vogarlar qatoridan o‘rin olgandi. Tadbirdan keyin dastlab bu safar sovrinsiz qolgan Eldorni savolga tutdik.

«Avvalambor, barchani kelayotgan bayram bilan tabriklayman. Bu yil eng yaxshi bo‘lishni kutganmidim? To‘g‘risi, mendan ko‘ra, Jaloliddin Masharipov yilning eng yaxshi futbolchisi sovriniga munosib edi va haqli g‘alaba qozondi.

- Bu sovrinni yutish uchun sizga nima xalaqit berdi?

- Fikrimcha, mavsumni bir tekisda o‘tkaza olmaganim uchun sovringa haqli bo‘lmadim.

- Italiyadagi faoliyatingizdan qoniqyapsizmi? «Jyenoa»da murabbiyning almashinuvi sizga qanday ta'sir qilyapti?

- Hozircha hammasi yaxshi. Bosh murabbiy o‘zgarishining hech qanday yomon ta'siri yo‘q, hammasi joyida. Italiyaga qaytganimdan keyin yana asosiy tarkibdagi o‘rnim uchun kurashishda davom etaman.

Ro‘ziqul Berdiyev: «Nasaf»ning yoshlarga tayangan siyosati to‘g‘ri ekanligiga bugun amin bo‘ldim»

O‘FA taqdirlash marosimida «O‘zbekistonning 2020 yildagi eng yaxshi murabbiyi» nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan Qarshining «Nasaf» klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev muxbirimiz bilan suhbatda quvonchini yashirmadi.

- Bugungi marosimdan juda ham xursandman, chunki jamoam ko‘p sovringa ega chiqdi. Ayniqsa, yosh o‘yinchilarim bugungi e'tiroflarga loyiq edilar, deb o‘ylayman. Shu bois bundan juda ham xursandman. Klubning yoshlarga ishonch bildirish siyosati to‘g‘ri ekanligiga bugun yana bir karra amin bo‘ldim. Chunki yoshlar bilan Superligada 2-o‘rinni olganimizga va ularning o‘sishiga bizning ham hissamiz borligi xursand qiladi.

Eng yaxshi murabbiy? Shota Arveladzening ham mehnatlarini e'tirof etish kerak. U Superligada bejizga eng yaxshi murabbiy deb topilmadi. Chunki Arveladze kelganidan keyin «Paxtakor»da haqiqiy o‘zgarishlar bo‘ldi, har tomonlama. Oldin ham yaxshi o‘zgarishlar bo‘lgan, ammo Shota kelgach «Paxtakor»ning professionallik darajasi yana ham o‘sdi. Uning natijasi hamma ishlarni ko‘rsatib turibdi. OChLda ham «Paxtakor» munosib o‘yin ko‘rsatdi.

- «Nasaf»dan anchadan buyon ko‘pchilik chempionlikni kutmoqda. Klub yoshlarga ishonishda davom etadimi yoki keyingi mavsumda chempionlik vazifasi qo‘yiladimi?

- Biz 2-3 yildan buyon o‘z yoshlarimizga ishonish yo‘liga o‘tib bo‘ldik. Bilasiz, futbol maktabimiz bor, yoshlarni tarbiyalash borasida katta mablag‘ ajratilgan. Iqtidorli yoshlarimiz ko‘p, ularga imkoniyat berilishi kerak. O‘z ishimizdan ko‘nglimiz to‘lyapti.

Chempionlik uchun kurashish uchun nima qilish kerak? Eng asosiysi jamoamizning hozirgi o‘zagini saqlab qolishimiz lozim. Keyin tarkib yana kuchayishi kerak. Bilasiz, bu ishlar faqat murabbiyga bog‘liq masala emas. Maqsadga yarasha moliyaviy imkoniyat yaxshi bo‘lishi kerak. Tarkibda tajribali futbolchilar bo‘lishi shart. Ammo ko‘rib turibsiz, hali bizda bu ishlar kutilgan darajada emas. Shu bois klub siyosati yoshlarga tayangan holda davom etayapti.

Eslasangiz, 2017 yilda ham biz chempionlik uchun kurashishda deyarli yetilgandik, ammo ko‘p yetakchilarimizni qo‘ldan chiqardik. 2020 yilda ham biz chempionlik tarkibini deyarli tayyorladik, tasavvur qiling, mana shu tarkibga 2-3 nafar tajribali futbolchilar qo‘shilsa, «Nasaf» bosh sovrin uchun kurashadigan jamoaga aylanadi, - deydi O‘zbekistonning 2020 yildagi eng yaxshi murabbiyi.

Shuningdek, marosimdan keyin O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, «yilning eng yaxshi darvozaboni» Abduvohid Ne'matov, yil ramziy jamoasidan o‘rin olgan «Nasaf» hujumchisi Bobur Abduxoliqov yakunlangan yil haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil yakunlari marosimida quyidagi laureatlar taqdirlandi:

O‘zbek futboli nuroniysi – Yevgeniy Valitskiy

Eng yaxshi yoshlar murabbiyi – Zaynidin Tojiyev

Superliganing eng yaxshi yosh futbolchisi – Abduvohid Ne'matov (Nasaf)

Samarali hamkorlik - Coca Cola, Apex, «Sport» va UZREPORT TV telekanali

Maxsus sovrin - «Turon» futbol klubi

Pro liganing eng yaxshi futbolchisi – Abdulazizxon Abdurashidov («Turon»)

Fidoiylik ramzi - «Paxtakor» fan-klubi

Muxlislar mehri - «Nasaf» futbol klubi

Yilning eng yaxshi hakami – Ahrol Risqullayev

O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futzalchisi – Akbar Usmonov («Paxtakor»)

Eng yaxshi futbol jurnalisti – Zuhriddin Qilichev («Sport» TV)

Eng yaxshi hududiy assotsiatsiya – Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyasi

Fair Play sovrini - «Oqtepa» futbol klubi

Jasorat sovrini – Hasan Rahimjonov

Superliganing eng chiroyli goli – Sanjar Tursunov (OKMK)

O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi ayol futbolchisi – Lyudmila Karachik («Bunyodkor»)

Superliganing eng yaxshi to‘purari – Dragan Cheran («Paxtakor»)

Superliganing eng yaxshi murabbiyi – Shota Arveladze («Paxtakor»)

Superliganing eng yaxshi futbolchisi – Jalolidin Masharipov («Paxtakor»)

O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi – Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf»)

O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi – Jaloliddin Masharipov («Paxtakor»).

Superliga-2020 ramziy terma jamoasi:

Abduvohid Ne'matov («Nasaf») - Murod Xolmuhammedov «Qo‘qon-1912»), Yegor Krimets («Paxtakor»), Farrux Sayfiyev («Paxtakor») - Marko Stanoyevich («Nasaf»), Nurillo To‘xtasinov («Bunyodkor»), Murod Toshmatov (OKMK), Aziz Turg‘unboyev («Navbahor») - Jaloliddin Masharipov («Paxtakor»), Dragan Cheran («Paxtakor»), Bobur Abduxoliqov («Nasaf»).

Mavzuga oid
Top