13:15 / 28.12.2020
14357
Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva 8 yildan beri pansionatda yashayotgan jurnalist holidan xabar oldi

Qator nashrlarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Rustam Obidov yashashga joyi bo‘lmagani sababli urush va mehnat faxriylari pansionatida yashab kelayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Xabarlarda aytilishicha, xizmat ko‘rsatgan jurnalistning pensiya puli shu yilning sentyabr oyidan 1 million so‘mga yetgan. U hozirda pansionatda pullik shartnoma asosida yashaydi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov va Mass-media fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Gender tengligini ta'minlash bo‘yicha komissiyasi a'zosi Saida Mirziyoyeva pansionatda yashayotgan faxriy jurnalist holidan xabar oldi.

“Kuni kecha biz Saida Shavkatovna bilan 8 yildan buyon Respublika urush va mehnat faxriylari pansionatida istiqomat qilayotgan O‘zbekistonning faxriy jurnalisti Rustam Obidovni ko‘rgani bordik.

Rustam Obidov allaqachon pensiyaga chiqqaniga qaramay, tarjimalar qilib, astoydil ishlashda davom etmoqda. Afsuski, bu yil pandemiya tufayli bu halol, mehnatsevar va juda kamtar inson qiyin moliyaviy vaziyatga tushib qoldi. Shu sababli ham pansionatda yashash xarajatlarining barchasini to‘lay olmagan.

Mass-media fondi va shaxsan men Rustam Obidovga uning muammolarini hal qilishda yordam berishni o‘z burchimiz, deb hisoblaymiz. Faxriy jurnalistlar O‘zbekiston tarixidir. Ularning mehnati va fidokorona faoliyati tufayli biz mamlakatimiz bosib o‘tgan yo‘l haqida bilamiz. Va bizning bu ko‘magimiz ularga va ularning mehnatlariga bildirilgan minnatdorchiligimizning kichik bir qismidir”, - deya ma'lum qildi Komil Allamjonov.

Saida Mirziyoyevaning aytishicha, Rustam Obidov pandemiya tufayli o‘z faoliyatini davom ettira olmay, qiyin moliyaviy vaziyatga tushib qolgan edi.

“Hayotda har bir inson qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin, eng asosiysi Rustam Obidov kabi umidni so‘ndirmaslikdir. Biz faxriy jurnalistni kirib kelayotgan Yangi yil bilan tabriklab, unga sovg‘alar taqdim etdik hamda unga sog‘lik-salomatlik va farovonlik tiladik”, - deydi Saida Mirziyoyeva.

Top